Musulmon Birodarlari nimani istaydi: demokratik jamiyatnimi yoki Islomiy davlatni?

Image caption Tariq Ramazonga ko‘ra, Musulmon Birodarlari harakati fundamentalist qarashlarga ega emas

Musulmon Birodarlari harakati Misrdagi eng nufuzli va nomdor muxolifat kuchlaridan biri hisoblanadi.

Biroq, mazkur harakat ochiqroq va demokratik jamiyatga intiladimi yoki Islomiy jamiyatni qurishni istaydimi degan savolga aniq javob yo‘q.

Oksford Universitetida ilmiy tadqiqotlar olib borayotgan olim Tariq Ramazon 1928 yilda Misrda Musulmon Birodarlari harakatiga asos solgan Hasan Bannoning nevarasidir.

Bi-bi-si undan Musulmon Birodarlarining Misr siyosatidagi o‘rni haqida so‘radi.

Ramazon: Menimcha, bu bir yaxlit kuch emas. Uning ichida har-xil yo‘nalishlarni ko‘rasiz. Musulmon birodarlardan ba‘zilari juda ham an‘anador va Saudiyaga juda ham yaqin. Ammo bir narsani aytishimiz mumkin, ular zo‘ravonlikni yoqlashmaydi. Ular qonun tarafdorlari. Va o‘tgan o‘ttiz yil mobaynida ular o‘zgarishdi. Hozirda Musulmon birodarlar orasida Turkiyadagi jarayonlarni yaqindan kuzatayotgan odamlar bor.

Bi-bi-si: Ammo ularning orasida Xamasga yaqin odamlar ham bor. Bu masalan, Isroilni juda ham xavotirga soladi.

Ramazon: Misrdagi Musulmon birodarlarning mavqei Misrda zo‘ravonlikka qo‘l urmaslik, ammo Falastindagi qurolli qarshilik qonuniydir, degan mavqe bo‘lgan. Ular buni boshidan aniq-taniq aytishgan. 1940-yillarda ham Musulmon Birodarlarning mavqei shu edi.

Bi-bi-si: Siz G‘arb va Isroil Musulmon Birodalardan qo‘rqmasligi kerak, demoqchimisiz?

Ramazon: Mana qarang, agar ular o‘z manfaatlarini o‘ylashayotgan bo‘lsa, albatta qo‘rqishlari kerak. Bu ma‘noda musulmon davlatidagi har qanday erkin demokratiya G‘arb va Isroil uchun qo‘rqinchli. Hozir Isroil nima qilayapti? Biz buni ochiq aytishimiz kerak, Isroil o‘z xavfsizligini ta‘minlash uchun dunyodan Misrdagi diktatorni qo‘llab-quvvatlashini so‘rayapti.

Bi-bi-si: Ammo Isroil bilan Misr o‘rtasidagi tinchlik bitimi butun mintaqa uchun yaxshi emasmi?

Ramazon: Bu yaxshi narsa, qachonki Isroil Falastinga nisbatan siyosatini o‘zgartirsa va tinchlik jarayonida jiddiy qadamlarni qo‘ysa. Isroil atrofiga diktatorlarni yig‘ib olib va odamlarni esdan chiqarib, faqat hukumat bilan ish qilish orqali xavfsiz bo‘lolmaydi. Sizningcha, bir million misrliklarning diktatura ostida yashashiga rozi bo‘lib, Isroilning xavfsizligini ta‘minlagan yaxshimi yoki Isroildan siyosatini o‘zgartirishni talab qilganimi?

Bi-bi-si: Ammo, Eronda 1979 yilda odamlar Shohning rejimidan to‘yishgandi, lekin Shoh ag‘darilib, o‘rniga diniy tuzum keldi.

Ramazon: Men bu bitta narsa deb o‘ylamayman. Birinchidan, Misrdagi ommaviy namoyishlarga Musulmon Birodarlar boshchilik qilayotgani yo‘q. Musulmon Birodarlar Misrdagi Muborakka muxolif kuchlarning 20-30 foizini tashkil qiladi, xolos. Bu juda ham muhim narsa. Odamlar Muborakning ketishini talab qilayotganlari, albatta, Misrda ham islomchilar yoki diniy tuzum keladi degan gap emas.

Bi-bi-si: Sizningcha, erkin va demokratik saylovlar bo‘lsa, Musulmon Birodarlar qancha foiz ovoz oladi?

Ramazon: Ovozlarning uchdan biri, ehtimol, 30 foiz atrofida bo‘lishi mumkin. Ammo, muhimi bu Erondagi kabi bir inqilob emas. Siz bugun barqarorlik nomi bilan Prezident Muborakni qo‘llab-quvvatlab, demokratiya istamaymiz, deb aytolmaysiz. Demokratik jarayon shuni anglatadiki, har qanday harakat, partiya qonun doirasida siyosiy jarayonda, saylovlarda qatnashishi kerak.