"Yaqin Sharq hukmdorlarining oilalari boshiga yetmoqda"

Image caption Tahlilchilarga ko‘ra, otasining dastagisiz Gulnora Karimova siyosiy karьerasini davom ettira olmaydi

Misrdagi voqealar nafaqat bu mamlakat, balki butun Yaqin Sharq va hatto undanda kengroq hududlarda siyosiy fazoni o‘zgartirib yuborishi tobora oydinlashib bormoqda.

Iordaniya Podshosi Abdulloh o‘z hukumatini tarqatib yubordi va yangi bosh vazir Ma‘ruf Baxitga siyosiy islohotlarni boshlashga buyruq berdi.

Avvalroq Suriya rahbari Bashir Asad o‘z mamlakatida siyosiy islohotlarni boshlash zarurligini aytgan.

Bi-bi-si bilan suhbatlashgan misrlik siyosiy sharhlovchi Mahmun Fendining aytishicha, odamlar demokratiyaning "yuqumli shamoli" Yaqin Sharq bo‘ylab esayotganini his qilishayapti.

"Mintaqadagi rahbarlarning yosh avlodi, Iordaniya Podshosi Abdulloh, Suriya Prezidenti Bashir Asad, agar hokimiyatda qolishni istasalar, o‘zgarishlari kerak. Hoynahoy ular Feysbuk avlodi bo‘lgan hozirgi yoshlarni keksaroq rahbarlardan ko‘ra yaxshiroq tushunadilar," - deydi Fendi janoblari.

Unga ko‘ra, Misr, Iordaniya va Tunis o‘rtasida bitta mushtarak jihat bor va hamma bunga e‘tibor qaratishi kerak.

"Qachonki prezidentning rafiqasi va oilasi juda katta va juda ham korruptsiyalashib ketgan payt, vaziyat o‘zgaradi. Tunisda Prezident Bin Alini hokimiyatdan ag‘dargan narsa uning ayoli bo‘ldi. Bu yerda, Misrda ham odamlar Syuzan Muborak juda ham qudratli bo‘lib ketdi deyishadi. Iordaniyada Qirolicha Raniya ham juda qudratli. Ya‘ni qachonki hukmdorlarning oilalari juda ham qudratli, juda ham mashhur va odamlar nazarida juda ham betamiz bo‘lib ketgan payt, hamma narsa o‘zgaradi," - deydi sharhlovchi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Ko‘p tunisliklar ta‘birida, Laylo Bin Ali o‘z "ochko‘zligi" tufayli umr yo‘ldoshining qulashiga sabab bo‘ldi

Ayni damda Markaziy Osiyo masalalari bilan shug‘ullanuvchi tahlilchilar Markaziy Osiyo hukmdorlari oilalari, xususan Prezident Islom Karimovning qizlari Gulnora va Lola Karimovalarni Yaqin Sharqdagi hukmdorlar oilalari bilan qiyoslashmoqda.

Xalqaro Inqiroz Guruhi xodimi, tahlilchi Andryu Shtrolaynga ko‘ra, Prezident Karimovsiz uning qizlari siyosiy sahnada jon saqlab qola olmaydilar.

"Hukmron oilaning mol-mulki, albatta, nishonga olinadi. Bunga Qirg‘izistonda ham guvoh bo‘lgandik, Tunisda ham shunday bo‘ldi. Odamlar bu ramziy harakatlar bilan o‘z g‘azablarini izhor qilmoqchi bo‘ladilar. Gulnora Karimova mamlakatni nazorat qilishga urinadi deb aytmagan bo‘lardim, chunki u o‘z musiqiy kliplari va taqinchoq dizaynlari bilan jahon sahnasida o‘rin yaratishga urinib kelayapti. U Elton Jon kabi odamlar bilan dam olib, shunday bir hayot kechirishni istaydi," - deydi janob Shtrolayn.

Unga ko‘ra, Islom Karimov prezidentlikdan qulagan taqdirda o‘zbek xavfsizlik kuchlari Gulnora va Lola Karimovlarni himoya qilishmaydi.

"Menimcha, O‘zbekistonda agar Karimov ag‘darilsa, juda katta tartibsizliklar yuzaga keladi. Bu rejimlar shunchalar po‘lat musht bilan boshqariladiki, u musht yo‘qolganda, boshboshdoqlik va zo‘ravonlik avj oladi, " - deydi u.