Yaman poytaxti Sanada hukumatga qarshi namoyishlar

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Aksilhukumat va hukumat tarafdorlari namoyish o'tkazishgan

Yaman poytaxti Sanada o‘n minglab yamanliklar aksilhukumat namoyishlarida ishtirok etishmoqda. Namoyishchilar Prezident Ali Abdulloh Solihning iste‘fosini talab etishmoqda.

Prezident Solih o‘ttizdan yildan ortiqroq vaqtdan beri Yamanni boshqarib keladi.

Prezident Ali Abdulloh Solihning minglab muxoliflari poytaxt Sanadagi yangi universitet yaqinida to‘planishmoqda. Namoyishchilar prezidentning bayonotidan norozilar, ular "Yo‘qolsin korruptsiya, yo‘qolsin diktatura!", deya qichqarishgan.

Prezident Solih 2013 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmasligini bayon qilgandi.

Ammo xalq prezidentga ishonchini yo‘qotgan. Ular Yaman rahbarining hozirning o‘zida iste‘fo berishini talab etishmoqda.

"Tahrir" maydonida prezident Solihning tarafdorlari ham namoyish o‘tkazishmoqda. Ular ham Yamanda o‘zgarishlarga da‘vat etishayotir.

Ammo, Bi-bi-si muxbiriga ko‘ra, prezident tarafdorlari beqaror davlatlarida barqarorlik kafolati deb, prezident o‘z lavozimida qolsin, deyishmoqda.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди

Yamanning Xudayda viloyatida yashovchi o‘zbekistonlik shifokor Bi-bi-si bilan suhbatda u yerdagi noroziliklar ko‘lamini Misrdagi bilan solishtirib bo‘lmasligini aytdi. Ammo, unga ko‘ra, mamlakatda ishsizlik, korruptsiya keng tarqalganini inkor qilib bo‘lmaydi, narx-navolar borgan sari ko‘tarilib bormoqda.

"O‘sha uchun ham xalq norozi bo‘ladi-da", deydi u.

Asli o‘zbekistonlik suhbatdoshning aytishicha, shu kunlarda mamlakatda internetda cheklovlarni kuzatish mumkin.