Misr:Prezident Husni Muborak ketadigan ko‘rinmaydi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption "Tahrir" maydoni yaralanganlar bilan to‘la

Misr Prezidenti Husni Muborak saylovlardan oldin konstitutsiyaga o‘zgartirishlarni tavsiya qiluvchi maxsus qo‘mita tuzish haqida farmon chiqargan.

Bu haqda davlat televideniyesi orqali e‘lon qilgan vitse-prezident Umar Sulaymonga ko‘ra, janob Muborak, shuningdek, Bosh vazirdan islohotlarni amalga oshiruvchi boshqa bir qo‘mita tashkil etishni ham so‘ragan.

Konstitutsiyaviy islohotlar qo‘mitasi hukumat va muxolifat erishgan kelishuvlardan bittasi, ammo bu qo‘mitaga kimlar a‘zo bo‘lib kirishi ma‘lum emas.

Muxbirlarga ko‘ra, e‘lon hukumat tomonidan yana bir yon berishdir, ammo namoyishchilar Prezident Muborakning zudlik bilan iste‘foga chiqishini talab qilishmoqda.

"Tahrir" maydoni Qohiraning "Tahrir" maydonidagi namoyishchilar Prezident Husni Muborakni hokimiyatdan ag‘darish uchun yana bir marta yangi kuch bilan urinishga chaqirganlar.

Minglab odamlar hanuz maydonda qolishmoqda, ammo armiya poytaxtda harakatni izga solishga urinarkan, namoyishchilar xalqasi torayib bormoqda.

Hukumat bilan muxolifat o‘rtasidagi muzokaralarda sezilarli siljish bo‘lmagan va janob Muborak iste‘foga chiqadigan ko‘rinmaydi.

Hukumat yon berishlarga borgan, jumladan, byujdetdan maosh oladigan 6 million misrliklarning ish haqlarini 15 foizga oshirishini e‘lon qilgan.

BBCning Qohiradagi muxbiri Jon Leynga ko‘ra, hukumat qudratni qaytadan o‘z qo‘lida jamlashga urinmoqda.

AQSh Prezidenti Barak Obama o‘z mavqeyini yumshatgan va muloqot jarayoni haqida ijobiy fikr bildirgan.

Ammo muxolifat faollari muloqot hech qanday natija bermayotgani va ularni qo‘rqitish va hibsga olishlar davom etayotganini aytishmoqda.

Tunisdagi xalq g‘alayonidan ilhomlangan namoyishchilar Misrni 30 yildan buyon boshqarayotgan Prezident Muborakni ag‘darishni rejalashgan.

Ular Prezident Muborak va uning hukumatini Mirsdagi iqtisodiy muammolar hamda korruptsiya va repressiyalarda ayblashadi.

Qurbonlar

Hyuman Rayts Votch inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, 25 yanvardan buyon davom etayotgan tartibsizliklarda 300 ga yaqin odam halok bo‘lgan.

Tashkilot 297 nafar qurbonni ro‘yxatga olganini aytgan.

HRV xodimlari Qohira, Iskandariya va Suvaysh shaharlaridagi 7 ta shifoxonada bo‘lganliklarini aytishmoqda.

Hyuman Rayts Votchga ko‘ra, Misrdagi davlat shifoxonalari aksilhukumat namoyishlari paytidagi qurbonlar sonini yashirmoqda.

Tashkilotning bildirishicha, kasalxonalar nobud bo‘lgan insonlar sonini kamaytarib ko‘rsatasan, degan bosim ostida qolishgan.

Chunki haqiqiy raqamlar oshkor bo‘lsa, namoyishchilar g‘azabi yanada junbushga kelishi mumkinligidan qo‘rqishgan.

Hyuman Rayts Votch voizi Hebba Murayifning aytishicha, aksar qurbonlar politsiyaning namoyishchilarga qarata otgan o‘qlariga uchishgan.

"Aksar qurbonlar yanvarning 28 va 29-kunlari, shanba va yakshanba nobud bo‘lishgan. Ular asosan o‘qqa uchishgan. Yaqin masofadan turib ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llangani bois va politsiya osmonga emas, odamlarga qarata otgani tufayli ham ko‘pchilik xalok bo‘lgan. Rezina o‘qlar ham juda yaqin masofadan turib otilgan", -deydi Hyuman Rayts Votch voizi.

Namoyishlar so‘nmoqdami?

"Tahrir" maydonidagi namoyishchilar soni kunduzi ortib, kechasi kamayadi.

Ikki hafta davom etgan va zo‘ravonliklarga aylanib ketgan namoyishlardan so‘ng, namoyishchilarning charchaganliklari ko‘zga tashlanadi.

Yog‘ingarchilik natijasida namoyishchilar chodirlarini tikkan hudud botqoqqa aylangan.

Oziq-ovqat yetishmaydi va qalayotgan namoyishchilarning ko‘pchiligi yaralangan, boshlari bog‘langan, qo‘llari osilgan va hassaga suyangan alfozdalar.

BBC muxbiri Jim Muirga ko‘ra, armiya namoyishchilarning "Tahrir" maydonini egallab turishlariga toqat qilmoqda.

"Ammo agar shaharning maydondan boshqa hamma joyida odatiy hayot tiklansa-yu, namoyishchilar shiorlarni aytib hayqirishda davom etaversalar va muzokaralar hech qanday natija bermasa, namoyishlar o‘rinsiz bo‘lib ko‘zga tashlanishi xavfi bor", - deydi BBC muxbiri.

Uning fikricha, Prezident Muborakka ko‘proq bosim o‘tkazish maqsadida keskinroq harakat qilganlari taqdirda namoyishchilar armiya bilan to‘qnash kelishlari mumkin.

Ammo ikkinchi tomondan, ular hozirni maydonni tark etsalar, qasoskor hokimiyat ulardan o‘ch olishi turgan gap.