HRW: 'AQSh sobiq prezidenti Jorj Bush qiynoqlar uchun javob berishi lozim'

"Xьyuman Rayts Votch" xalqaro inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining aytishicha, rasmiy Vashington o‘zi boshchilik qilib, qiynoqlarni qo‘llashga izn bergani uchun sobiq prezident Jorj Bushni javobgarlikka tortishi lozim.

Aynan shunday da‘volar sabab, janob Bush o‘tgan hafta Shveytsariyadagi chiqishini bekor qilishga majbur bo‘lgandi.

Xalqaro tashkilotga ko‘ra, prezidentlik faoliyati davrida terrorchilikda gumon qilingan mahbuslarni suvga bo‘ktirib qiynashga izn bergani uchun ikki jenevalik Jorj Bushning ustidan shikoyat arizasi bilan chiqishmoqchi.

"AQSh sobiq prezidentini qiynoqlar yuzasidan Shveytsariyada mahkamaga tortish tahdidi, hatto, AQSh bunday qilmagan taqdirda ham, boshqa davlatlarning xuddi shunday yo‘l tutishlari mumkinligini ko‘rsatadi," deb aytiladi "Xьyuman Rayts Votch"ning rasmiy bayonotida.

Xalqaro tashkilot ijroiy rahbari Kenneth Rothning aytishicha, Shveytsariya qonunlari janob Bushni javobgarlikka tortishga izn bermasa-da, mamlakat xalqaro qonunlar doirasida bunday qilishga haqlidir.

O‘zining o‘tgan yilgi xotiralari haqida so‘zlab berarkan, Jorj Bush televizion suhbatida qiynoqlarning suvga bo‘ktirish usulini himoya qilgandi.

"Uch kishiga nisbatan xuddi shunday usul qo‘llangan va men qarorim yuzlab insonlarning hayotlarini asrab qolganiga aminman," deb aytgan edi janob Bush NBC yangiliklar kanaliga bergan suhbatida.

Nьyu York va Vashingtonga qarshi 11 sentyabr hujumlari uyushtiruvchisi sifatida ko‘rilgan va "Al-Qoida" tarmog‘ining nufuzli a‘zolaridan sanalgan Xolid Shayx Muhammadni ham suvga bo‘ktirishga ruxsat berganmisiz, degan savolga ham Jorj Bush, "Xuddi shunday," deb javob bergandi.

"Xьyuman Rayts Votch" tashkiloti ijroiy rahbarining aytishicha, "Davlat rahbari tomonidan qiynoqlar rasman ma‘qullangan hollar hech qachon jazosiz qolmasligi lozim".