Pokiston: "maktab o‘quvchisi" hujumida 20 askar halok bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Pokiston harbiylari xudkush hujumlarga tez-tez uchrab turishadi

Pokiston shimoliy-g‘arbidagi Mardon shahrida maktab o‘quvchisi harbiy o‘quv jamlog‘iga hujum qilgan.

Politsiyaning aytishicha, xudkush bomba hujumida 20 askar halok bo‘lgan va yana ko‘plar yaralangan.

Rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, maktab libosini kiygan o‘spirin ertalabki jismoniy tarbiya uchun jamloq hovlisiga to‘plangan harbiylar o‘ngida o‘zini portlatib yuborgan.

Hujum uchun ma‘suliyatni Pokiston shimoli-g‘arbida faol bo‘lgan Tolibon harakati o‘z zimmasiga olgan.

Harakat vakili Azam Tariqning Frans press agentligiga ma‘lum qilishicha, Tolibon bu hujumdan "faxrlanadi" va Amerikaning uchuvchisiz uchoqlar bilan amalga oshirgan havo hujumlari va Pokiston harbiylari amallariga javoban qasos olishda davom etadi.

Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo Geyloniy mazkur hujumni qoralab chiqqan.

"Bunday qo‘rqoq amallar bizning xavfsizlik organlarimiz ruhiga va mamlakatning terrorizmni yo‘q qilish intilishlariga ta‘sir ko‘rsata olmaydi", – dedi u.

Yosh xudkush hujumchilar

Mardon shahar politsiyasi boshlig‘ining Bi-bi-si muxbiriga hikoya qilishicha, xudkush hujumchi harbiy baza yaqinida joylashgan Aziz Bhatti kollejining maxsus libosida bo‘lgan.

Xabarlarga ko‘ra, portlashda asosan Pokiston armiyasining eng ko‘zga ko‘ringan harbiy bo‘limalaridan biri - Panjob polki askarlari qurbon bo‘lganlar.

Mardon shahridagi harbiy o‘quv jamlog‘i 2006 yilda ham hujumga tutilgan va o‘shanda 20 nafar odam halok bo‘lgandi.

BBC muxbiri Olim Maqbulning xabar berishicha, Toliblar yosh bolalar va o‘spirinlarga intihoriy hujumlar sodir etishni tobora ko‘proq topshirmoqdalar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Pokiston armiyasi yaqinda mamlakat shimoli-g‘arbida xudkush hujumchilarni tayyorlovchi jamloqni topgan.

Jamloqda 10-12 yoshli bolalar ham bo‘lgani aytiladi.