Eron: parlament a‘zolari muxolifat rahbarlarini qatl etishga chaqirmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Tehronda dushanba kuni bo‘lib o‘tgan namoyishlarda kamida bir odamning halok bo‘lgani xabar qilinadi

Eron parlamenti a‘zolari muxolifat liderlari Mir Husayn Musaviy va Mehdi Karrubiyni mahkamaga tortish va qatl etishga chaqirdilar.

Elliktalar chamasi parlament vakillari parlamentning asosiy zalidan "Musaviyga o‘lim! Karrubiyga o‘lim!" deya qichqirib, yurish qilganlari davlat televideniyesi orqali namoyish etildi.

Dushanba kuni Tehron ko‘chalarida minglab muxolifat tarafdorlari yurish qilgan edilar.

Xabarlarga ko‘ra, Tehron markazida namoyishchilar va xavfsizlik kuchlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan qonli to‘qnashuvlarda bir odam otib o‘ldirilgan.

Bi-bi-si olgan xabarlarga ko‘ra, Isfahon, Mashhad va Sheroz doxil Eronning boshqa shaharlarida ham ruxsatsiz namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

Poytaxtda o‘nlab odamlar hibsga olingan, muxolifat rahbarlari, jumladan janob Musaviy va janob Karrubiy, uy qamog‘iga tashlangan.

Politsiya sobiq bosh vazir Mir Husayn Musaviy uyiga eltuvchi yo‘lni berkitib qo‘ygan. Sobiq bosh vazir tarafdorlariga ko‘ra, Musaviy janoblari AQSh ma‘muriyati tomonidan olqishlangan namoyishlarda ishtirok etish niyatida bo‘lgan.

U va parlamentning sobiq spikeri Mehdi Karrubiy 2009 yil iyunida Prezident Mahmud Ahmadinejodning qayta saylanishiga e‘tiroz bildirishlari ortidan Eronda 1979 yilgi Islomiy Inqilobdan buyon eng yirik namoyishlar bo‘lib o‘tgandi.

Hukumat ushbu namoyishlarni shafqatsizlik bilan bostirgan edi.

'Korruptsiya botqog‘iga botganlar'?

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images
Image caption Karrubiy va Musaviyning uy qamog‘ida ekani xabar qilinadi

IRNA yangiliklar agentligi chiqargan bayonotga ko‘ra, an‘anador parlament a‘zolari: "Korrupitsya botqog‘iga botgan Mehdi Karrubiy va Mir Husayn Musaviy mahkamaga tortilishlari kerak," degan talabni ilgari surganlar.

O‘tmishda Eronda ko‘plab siyosiy dissidentlar korruptsiyada ayblangan. Ushbu ayblov Eronda oliy jazo - qatl hukmini nazarda tutadi.

Avvalroq, minglab muxolifat tarafdorlari Tunis va Misrdagi ommaviy chiqishlarga yakdillik izhor etish uchun Tehronning "Ozodiy" maydoniga to‘plangan edilar.

Ular: "Diktatorlarga o‘lim," deya qichqirganlar.

Ammo yurishni kuzatgan Bi-bi-si Fors xizmatidan Muhsin Asqariyning aytishicha, ko‘p o‘tmay politsiya namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazdan foydalangan, mototsikllarga mingan odamlar esa olomonni tarqatish uchun rezina tayoqlarini ishga solgan.

Guvohlarga ko‘ra, rezina o‘qlaridan kamida uchta namoyishchi yaralangan va kaltaklangan o‘nlab odamlar shifoxonaga olib ketilgan.

Yarim rasmiy "Fors" xabar agentligining xabar berishicha, bir odam namoyishchilar tomonidan otib o‘ldirilgan va yana bir necha odam jarohat olgan.

Tehron politsiyasi boshlig‘i Ahmad Rizo Radan muxolifat rahbarlarini odamlarni namoyishlarga undashda ayblagan.

"Tehron g‘arbida 150 ga yaqin odam yurish qilib, axlat qutilariga o‘t qo‘yishdi," - deb aytgan Ahmad Rizo Radan. - "Ularga politsiya, xafsizlik kuchlari qarshilik ko‘rsatdi, ba‘zilar hibsga olindi."

"Afsuski, ba‘zi politsiya va xavfsizlik xodimlari namoyishchilar tomonidan o‘qqa tutildi. Ushbu hodisada xavfsizlik xodimlaridan 9 nafari yaralandi," deb bayonot bergan Tehron shahar politsiyasi boshlig‘i.

"Ochiqcha va to‘g‘ridan-to‘g‘ri" dastak

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Hillari Clinton mamlakati Erondagi namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlashini aytdi

AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton AQSh namoyishchilarni "ochiqcha va to‘g‘ridan-to‘g‘ri" dastaklashini aytgan.

U eronlik namoyishchilar "misrliklar singari ayni haqlarga ega bo‘lishga" haqlidirlar, Eron esa o‘z siyosiy tuzmumini "ochishi" shart, deb aytgan.

Klinton xonimning aytishicha, Qo‘shma Shtatlar Eron hukumatiga Misrga yo‘llagan bayonotini takrorlaydi.

Eron muxolifatiga ko‘ra, o‘tgan olti oyda uning 80 dan ortiq tarafdorlari o‘ldirilgan. Biroq, rasmiy Tehron bu da‘voni rad etadi.

2009 yilda yuz bergan hodisalar uchun bir necha odam o‘lim jazosiga hukm etilgan va o‘nlab odamlar uzoq yillarga ozodlikdan mahrum etilgan.

Eron rahbariyati Misr va Tunisdagi norozilik namoyishlarini dastaklagan esa-da, Erondagi muxolifat chiqishlarini "siyosiy qadam," deya baholagan.