Siyosiy evrilishlar qanday amalga oshiriladi? - mutaxassis fikrlari

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

Inqiloblar qisqa va qonli yoda uzunroq va tinch yo‘llar bilan amalga oshirilishi mumkin.

Ular bir-biridan farq qiladi, biroq ba‘zi bir inqiloblar qayta takrorlanish xususiyatiga ega.

Xuddi Misrda bo‘lgani singari.

O‘z vaqtida Trotskiy agar qashshoqlik inqiloblarga sabab bo‘lganida edi, inqiloblar doimo yuz bergan bo‘lardi, chunki dunyoning aksar aholisi yo‘qsillikda kun kechiradi, deb aytgandi.

Uchqundan chiqar alanga...

Millionlab insonlarning tarqoq noroziligini bir joyda alanga olishi uchun uchqun kerak.

Oxirgi 30 yilda ro‘y bergan inqiloblarning aksariga kimningdir o‘limi turtki bo‘lgan.

Ba‘zida oddiy bir hodisa inqilob alangasini o‘t oldiradi.

1978 yilda Tehrondagi kinoteatrlardan biriga o‘t ketishi ortidan Eron xalqi Shoh tuzumiga qarshi oyoqqa turdi.

Ba‘zida bir insonning o‘z joniga qasd qilishi butun bir mamlakat e‘tiborini o‘ziga qaratishi mumkin.

Tunisda 2010 yil dekabrida oddiy ko‘katfurush Muhammad Buaziziyning o‘z joniga qasd qilgani singari.

Ba‘zida esa odamlar orasida tarqalgan ovozalar tuzumdan to‘ygan xalqni ko‘chalarga olib chiqadi.

1989 yil noyabrida Pragada ikki talabaning sirli o‘limi uchun xufiya politsiya ayblangan edi.

Rejimlarni qulatuvchi yana bir omil saroy ahlining davlat rahbaridan yuz o‘girishidir.

Politsiya, armiya va hukumat mulozimlari rejimni himoya qilgandan ko‘ra inqilobdan ko‘proq narsani yo‘qotishlariga ko‘zlari yetsa, har qanday isyon bostirilishi mumkin. Tyananmen maydonini esga oling.

Ammo saroy ahli yoki armiya rejimni himoya qilishdan naf yo‘qligiga ishonch hosil qilsa yoda pulga sotib olinsa, rejim qisqa fursatda ag‘darilishi mumkin.

Tunis prezidenti Ben Ali, armiya generallari unga olomonga qarata o‘t ochmasliklarini aytganlarida, mamlakatdan qochishga majbur bo‘ldi.

1989 yil dekabrida Chaushesku tomonidan darg‘azab olomonni bostirishga yuborilgan general keyinchalik uning o‘ziga o‘lim jazosini chiqargan mahkamaga raislik qilgandi.

Tashqi bosimlar

Rejimning o‘zgarishida tashqi bosimlar ham katta rol o‘ynaydi.

1989 yilda Mixail Gorbachev sharqiy Ovro‘podagi noroziliklarni bostirish uchun Sovet armiyasini safarbar etmagani sabab bu mamlakatlardagi generallar kuch ishlatish bilan masalaga yechim topish mumkin emasligini anglab yetishgandi.

Qo‘shma Shtatlar ko‘p hollarda o‘zining avtoritar ittifoqchilarini ko‘chalarga chiqqan olomon bilan avvaliga til topishga chaqirsa, keyinchalik, rejimning oyog‘i toya boshlagan payt, ulardan iste‘foga chiqishni talab qila boshlaydi.

Ko‘p hollarda davlat rahbari keksaligi sabab inqilob rejimni tiz cho‘ktiradi.

Inqilob 24 soat diqqatli bo‘lishni taqozo etadi.

U inqilob rahbaridan ham, diktatordan ham tez fikrlash va bardoshli bo‘lishni talab qiladi.

Keksa va bemor rahbar inqirozning kuchayishiga xizmat qiladi.

Un yillab hokimiyat tepasida turish siyosiy esarlikni kuchaytiradi va rejimga tezkor manyovrlar qilish imkonini bermaydi.

Misrda yuz bergan hodisalar inqiloblarning asosan yoshlar tomonidan amalga oshirilishini ko‘rsatdi.

Ko‘p hollarda xalq ag‘darilgan hukmdorni jazolashga tashna bo‘ladi. Yangi hukmdorlar ham xalqni mavjud iqtisodiy va ijtimoiy muammolardan chalg‘itish uchun ba‘zida eski hukmdorni jazolash usulidan foydalanishadi.

Muallif: Oksfor Universiteti tarixchisi, "Dunyoni shakllantirgan isyonlar va siyosiy evrilishlar" kitobining muallifi Mark Almond.