Liviya: 'Beng‘ozi shahrida norozilik namoyishlari kechgan'

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Muammar Qaddafi 1969 yildan beri qudratda

Xabarlarga ko‘ra, Liviyaning Beng‘ozi shahrida yuzlab odamlar politsiya va hukumat tarafdorlari bilan to‘qnashishgan.

Guvohlarning Bi-bi-siga aytishlaricha, tartibsizliklar hukumatning ochiq tanqidchilaridan biri hibsga olinishi ortidan boshlanib ketgan.

Himoyachisining aytishicha, u keyin qo‘yib yuborilgan, ammo norozilik chiqishlari davom etgan.

Yaqin o‘tgan bir necha haftalar ichida qator arab mamlakatlarida demokratiya talabi bilan kechgan namoyishlar Tunis hamda Misr davlat rahbarlarini qudratdan ketishga majbur qildi.

Internet orqali odamlar payshanba kuni Liviyada norozilik yurishlariga da‘vat qilingan.

'Politsiya ham jarohatlangan'

Beng‘ozida tun bo‘yi norozilik chiqishlari kechgani mustaqil manba‘lar tarafidan tasdiqlanmagan, ammo guvohlar bir joyda 2 ming kishi to‘planganini aytishadi.

Shohidlarga ko‘ra, namoyishchilar politsiyani toshlar bilan nishonga olishgan, politsiya esa, suv, ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlar bilan javob qaytargan.

Keyinroq, davlat televideniyesi Beng‘ozida to‘plangan bir necha yuz kishi hukumatni dastaklab chiqqanini namoyish etgan.

Фото муаллифлик ҳуқуқи 1

Hozirgacha hukumat poytaxt Tripoli sharqidan 1,000 chaqirim uzoqda joylashgan ushbu bandargoh shaharchada yuz bergan hodisalar yuzasidan izoh bermagan.

Liviyadagi xususiy nashrlardan biri Quriyona gazetasining xabar qilishicha, 10 politsiya zobiti doxil 14 kishi tan jarohati olgan.

Nomini oshkor etishni istamagan guvohlardan biri Bi-bi-siga quyidagilarni aytgan: "Olamon ichidan bir necha kishi aksilhukumat shiorlarini aytib qichqira boshladilar va olamon buni qaytardi".

"Ammo, keyin hukumat tarafdorlari bilan to‘qnashuv kechdi. Biroz vaqt o‘tib, hukumat tarafdorlari tarqalib ketishdi va xavfsizlik kuchlari yetib kelishdi. Ular olamonni issiq suv bilan tarqatishdi", deydi guvoh.

Xabarlarga ko‘ra, norozilik chiqishlari 1996 yil Tripolidagi Abu Salim hibsxonasida xavfsizlik kuchlari tarafidan qirg‘in qilingan 1,000dan ortiq mahbusning yaqinlari shikoyatlarini taqdim qilayotgan Fathi Terbilning hibsga olinishi ortidan boshlangan.

Manba‘larining aytishlaricha, u hozirgi mahbuslar oilalariga qamoqxonaga o‘t ketganini aytishi va norozilikka undashi ortidan qo‘lga olingan. Terbil janoblari keyinroq qo‘yib yuborilgan.

Liviyadan yetib kelayotgan xabarlarda chorshanba kuni kechda Abu Salimdan ta‘qiqlangan jangari guruhning 110 a‘zosi qo‘yib yuborilishi kutilmoqda. Ammo, Beng‘ozidagi to‘qnashuvlar va mahbuslarni ozod qilish rejasi o‘rtasida qanchalar bog‘liqlik borligi qorong‘u.

Payshanba kuni hukumatga qarshi namoyishlar rejalangan va u internet orqali tashkillashtirilmoqda.

Bi-bi-si muxbiri Jon Leynning xabar qilishicha, 1969 yildan beri qudratda bo‘lgan Polkovnik Qaddafining o‘zi norozilik chiqishlariga qo‘shilishi mumkinligini aytgan.

U har doim mamlakat qator xalq qo‘mitalari tarafidan boshqarilishini ta‘kidlab kelgan. Biroq, tashqaridagi kuzatuvchilar Liviyani Qaddafining qattiq nazorati ostidagi politsiya davlati ekaniga ishonadilar.

Yaqin Sharq ishsizlik, oziq-ovqat narxlarining oshishi, korruptsiya va avtoritar rahbariyatga qarshi qator noroziliklar to‘lqiniga guvoh bo‘ldi.

Bu yanvar oyida Tunis rahbari Ben Alining qudratdan ketkazilishi bilan boshlangandi.

O‘tgan hafta Misr Prezidenti Husni Muborak iste‘fo berdi.

Shuningdek, Yaman, Bahrayn va Eronda ham aksilhukumat namoyishlari kuzatildi.