Jahon bozorlarida paxta narxi keskin oshdi

Image caption Jahon bozorlarida paxta narxi keskin oshdi, lekin ko‘plab shirkatlar bolalar mehnatidan foydalanilgani tufayli o‘zbek paxtasini boyqot qilmoqdalar.

Xalqaro birjalarda bir kilogram paxta xom ashyosi uchun narx kamida 4 yarim dollarga chiqdi.

Bu paxtaning narxi bu yil keskin oshganligini anglatadi.

Bunga paxta zaxiralarning taqchilligi va Xitoyda o‘ta tez sur‘atlarda rivojlanib borayotgan to‘qimachilik sanoati sabab bo‘lgan.

Ba‘zi paxtani qayta ishlash korxonalari narxlar tushishiga umid qilib, paxta sotib olishni ortga surib kelmoqda edilar.

Biroq keyinchalik zaxiralar taqchilligidan cho‘chib, shosha-pisha xom ashyo sotib olishga majbur bo‘lishgan.

Paxta narxining oshishi ayniqsa arzon kiyim kechaklar ishlab chiqaradigan korxonalar mahsulotlari narxiga ta‘sir qilishi mumkin.

Ammo mustaqil fermerlik amal qiluvchi mamlakatlarda fermerlar xom ashyo narxlari oshganidan kattagina foyda ko‘rishi kutilmoqda.

O‘zbekiston paxta yetishtirish va eksporti bo‘yicha jahonda yetakchi o‘rinlardan birini egallab kelgan.

Lekin paxta terimida majburiy bolalar mehnatidan foydalanganligi tufayli bir necha yil avval jahonning yirik shirkatlari o‘zbek paxtasini boyqot qila boshladilar.

AQSh Mehnat vazirligi esa bolalar mehnati ishtirokida yetishtirilgan mahsulotlar ro‘xatini yangilab, unga O‘zbekistonda yetishtirilgan paxtani ham kiritdi.

Yaqinda Londondagi Sharq va Afrika davlatlari tadqiqotlari markazi O‘zbekiston va Tojikistonda majburiy bolalar mehnatidan foydalanishni to‘xtatish yo‘lida ilgari siljish bormi-yo‘qligi borasida hisobot chiqardi.

Hisobot xulosalariga ko‘ra, ham O‘zbekistonda paxta dalalarida hanuz bolalar mehnatidan keng foydalaniladi.

O‘zbekistonda paxtani sotib olish davlat monopoliyasi o‘rnatilgan. Ya‘ni paxta yetishtirish bilan shug‘ullanuvchi fermerlar xom ashyoni faqatgina davlatga topshirishlari mumkin.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, fermerlarga paxta uchun juda past haq to‘lanib, paxta savdosidan tushadigan mo‘may foydadan mamlakatni boshqarib turgan bir hovuchgina siyosiy elita naf ko‘rib keladi.