Afg‘oniston: Qunduzdagi xudkush bomba hujumida o‘nlab insonlar halok bo‘ldi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters (audio)

Afg‘oniston rasmiylarining BBCga ma‘lum qilishlaricha, shimoliy Qunduz viloyatida hukumat binosini nishonga olgan xudkush bomba hujumida kamida 26 odam halok bo‘lgan.

Intihoriy hujumchi o‘z tanasiga o‘rnatilgan bombani choshgohga yaqin Qunduz viloyatining Imom Sohib tumanida odamlar ichki hujjat olish uchun navbatga turgan bir paytda ishga solgan.

Hujum qurbonlarining aksari oddiy odamlar bo‘lgani xabar qilinadi.

O‘zbekiston va Tojikiston chegaralariga yaqin joylashgan Qunduz viloyati so‘nggi paytlarda Tolibon harakati tarafdorlari faol bo‘lgan mintaqalardan biriga aylangan.

Yakshanba kuni Afg‘oniston janubidagi Jalolobod shahrida Kobul Bank binosida sodir etilgan intihoriy hujumda kamida 18 inson halok bo‘lgandi.

Tolibon Kobul Bankga o‘z maoshlarini olish uchun borgan politsiya va josuslik xizmati xodimlari hadafga olinganini aytgan.

O‘n minglab xorijiy qo‘shinlar joylashtirilgan Afg‘onistonda zo‘ravonliklar ko‘lami ortib bormoqda.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida Afg‘onistonda 2400 dan ko‘proq odam halok bo‘lgan.

NATO hujumlari

Imom Sohibda sodir etilgan intihoriy hujum Afg‘oniston sharqida NATO havo hujumlariga e‘tirozlar kuchaygan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Sharqiy Kunar viloyati mahalliy rasmiylari NATOni yakshanba kuni havo hujumi uyushtirib, o‘nlab oddiy fuqarolarni o‘ldirishda ayblaganlar.

Ammo bu da‘volarni rad etgan NATO mulozimi unda Kunar viloyatida qurolli to‘qnashuvlar bo‘lganiga oid video tasvirlar borligini aytgan.

NATO Kunar viloyatida yuz bergan to‘qnashuvda 36 isyonchini o‘ldirganini aytadi, biroq mahalliy qabila oqsoqollari va rasmiylarga ko‘ra, NATO havo hujumida 64 oddiy fuqaro halok bo‘lgani.

Mazkur hodisa yuzasidan tergov ishlari boshlatilgan.

Shu oy avvalroq "Afg‘oniston Rayts Monitor" inson huquqlari tashkiloti 2010 yil Afg‘oniston uchun 2001 yilda Tolibon ag‘darilganidan buyon eng halokatli yil bo‘lganini ma‘lum qildi.

"Afg‘oniston Rayts Monitor" Tolibon 2400 fuqaro o‘limining taxminan 60%, AQSh yetakchiligidagi kuchlar esa 21% uchun mas‘ul ekanini aytgan.