'Asil arna' Islom asoslarini butun dunyoga yoyishni maqsad qilgan

Qozog‘istonda so‘nggi yillarda turli mazmundagi mustaqil telekanallar ochila boshlagan. Ularning ayrimlari informatsiyaga chanqoq aholini tezkor xabarlar bilan ta‘minlashni maqsad qilgan bo‘lsa, "Asil arna" kabi islomiy kanal nafaqat Qozog‘iston, balki sun‘iy yo‘ldosh orqali butun dunyoga Islom asoslarini yetkazishni niyat qilgan.

"Stan TV" kanalini an‘anaviy tekanallardan ajratib turadigan asosiy xususiyati uni faqat internet orqali ko‘rish mumkinligida. Video portalning ochilganiga besh yil bo‘ldi. Bosh ofisi Qirg‘izistonning Bishkek shahrida joylashgan bu videoportal Markaziy Osiyoning besh davlatidan video syujetlar tayyorlaydi.

Ushbu informatsion portal mintaqadagi yangiliklarning video shaklini zudlik bilan butun olamga taqdim qilishi bilan ham ajralib turadi.

"Internet jabhasi ancha erkin hisoblanadi. Garchi Qozog‘iston ham so‘z erkinligi borasida muammolarni boshidan kechirayotgan bo‘lsa-da, biz internetda o‘zimizni Qozog‘istondagi an‘anaviy ommaviy axborot vositalaridan bir muncha erkinroq his qilamiz", - deydi Aleksandr Gabchenko.

"Stan TV" muhim video yangiliklarni kun davomida veb sahifasiga joylab boradi. Ammo kechki vaqt alohida 15-20 daqiqalik yangiliklar dasturini internet orqali efirga uzatadi.

Video portal dasturlarida Qozog‘istondagi an‘anaviy telekanallarda uncha aytilavermaydigan mavzular o‘rin olganini ko‘rish mumkin. Loyiha butun Markaziy Osiyoni qamrab olishni maqsad qilib qo‘ygan bo‘lsa-da, ammo yopiq hisoblanadigan Turkmaniston va O‘zbekistondan lavhalarni kam uchratasiz. Turkmanistondan eng so‘nggi xabar 2009 yilda kiritilgan. O‘zbekistondan esa 2010 yilda lavha tayyorlangan.

"Loyihamiz ishga tushgan kezlarda O‘zbekistonda ham ofisimiz ochilgan, ishlar bir maromiga tusha boshlagandi. Afsuski vaqt o‘tishi bilan biz O‘zbekistondagi ofisimizni saqlab qola olmadik. Sababi O‘zbekistonda so‘z erkinligi bilan bog‘liq holat Qozog‘istondan ham abgor holatda. O‘zbekiston hukumati bizning hamkorlarimizni va xodimlarimizni informatsion jabhadan siqib chiqardi", - deb izohlaydi video portal bosh prodyuseri Aleksandr Gabchenko.

Saytga har kuni bir necha ming odam kirishi aytiladi. Kelajakda video portal yanada rivojlanib internet jabhasida informatsion video xabarlar yetkazish bo‘yicha yetakchiga aylanishni maqsad qilib qo‘ygan.

Qozog‘istonda so‘nggi ikki yilda shiddat bilan tanilgan telekanallardan biri bu islomiy ruhdagi "Asil arna" kanalidir.

"Asil arna" o‘zbek tiliga tarjima qilganda "asl kanal" bo‘ladi. Telekanal 2009 yilda ochilgan, ammo shu qisqa vaqt davomida uning tomoshabinlari 25 millionga yetib qolgani aytiladi. Qozog‘istonda 30 dan ortiq kabel televideniyesi bilan shartnoma imzolagan kanal har bir istovchi xonadonga kirib borishi mumkin. Dunyo bo‘ylab esa sun‘iy yo‘ldosh anteyenasi orqali tomosha qilish mumkin.

Telekanal bosh direktori Muhammadjon Tazabekovning Bi-bi-siga aytishicha, telekanalni ochishdan maqsad Sho‘rolar davrida dinga chanqab qolgan aholining chanqog‘ini qondirish va har bir xonadonga ma‘rifat olib kirish.

"Sho‘rolar jamiyatidan chiqqan qozog‘istonliklarga ularning ota-bobosining dini bo‘lgan Islom bilan yaqindan tanishtirish, haqiqatni yetkazish maqsadida ushbu kanalni ochdik. Dinsiz jamiyat va e‘tiqodsiz odamlar bo‘lmaydi. Odamzod fitratan biror narsaga e‘tiqod qiluvchi qilib yaratilgan", - deydi telekanal bosh direktori Muhammadjon Tazabekov.

Islomiy kanal ochilish kezlarida ushbu loyihaga xadik ko‘zi bilan qarovchilar ham bo‘lgan. Qanday qilib islomiy kanal bo‘lishi mumkin deya fikrlovchilar nomozxonlarning ichida ham bo‘lganligi aytiladi. Ammo bu taklif hukumat va Qozog‘iston diniy ishlar qo‘mitasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Tazabekov janoblarining aytishicha, eng asossiy muammo ushbu telekanalga mos keluvchi odamlarni topish qiyinligida bo‘lgan. Ham o‘z ishining ustasi, ham Islom dinini tushunuvchi kadrlar topish boshog‘riqqa aylangan.

Vaqt o‘tishi bilan ushbu muammolar yechilmoqda. Sobiq Sho‘rolar mintaqasida ilk bo‘lib ochilgan ushbu islomiy kanal tomoshabinlari Qozog‘iston chegaralari bilan cheklanib qolmadi.

"Asl arna"ni hozir Afrikaning Chad, Liviyasidan boshlab, sharqiy Ovro‘po, Rossiya, Eron, Pokiston, Markaziy Osiyoda ko‘rish mumkin. Bizga O‘zbekiston va Qirg‘izistondagi tomoshabinlarimizdan ko‘plab murojaatlar bo‘lib turadi", - deydi telekanal bosh direktori Muhammadjan Tazabekov.

Bugunga kelib telekanalning 50 dan ortiq ko‘rsatuvlari bor. Bular maxsus parlament dasturlaridan tortib, yangiliklar va boshqa ma‘rifiy ko‘rsatuvlarni o‘z ichiga oladi.

24 soat bo‘yi efirga uzatiladigan ko‘rsatuvlar ichida "Mehribonlik" ko‘rsatuvining o‘z o‘rni bor. Hayotda og‘ir dard bilan qiyin sinovlarni boshidan kechirayotgan odamlar haqida hikoya qiluvchi ushbu ko‘rsatuvning reytingi baland ekanligi aytiladi.

"Islom dini bizga so‘nggi 15-20 yilda qaytadan keldi deb o‘ylayman. Ushbu "Asl arna" kanali dinimizning tozaligi va to‘g‘riligini ko‘rsatuvchi bir vositadir", – deydi Qozog‘iston xalq yozuvchisi Sherxan Murtaza.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, mintaqaning boshqa davlatlarida bo‘lgani singari Qozog‘istonga ham turli oqim va yo‘nalishlar kirib kelgan. Ular "Asl arna" kabi islomiy kanalning faoliyat yurtishi yoshlarning boshqa oqimlarga kirib ketishining oldini olishda katta rol o‘ynashi mumkin, deyishadi.

Kanal ijodkorlari ham maqsadlari Qozog‘istondagi diniy anglashmovchiliklarning oldini olish ekanini aytadilar.

Kelajakda ushbu kanal islomiy multfilm va filmlar ishlashni maqsad qilgan.