Shinjonda to‘rt kishi o‘lim jazosiga hukm etildi

Image caption Shinjonda 2009 yilgi etnik to‘qnashuvlardan so‘ng ko‘plab askarlar joylashtirilgan.

Xitoy matbuoti xabarlariga ko‘ra, Shinjon muxtor bo‘lgasida uyushtirilgan hujumarda aybdor topilgan to‘rt shaxs o‘lim jazosiga hukm qilingan.

2010 yilning avgust va noyabr oylari o‘rtalarida ro‘y bergan hujumlarda 9 kishi halok bo‘lgandi.

"The Xinjiang Daily" vebsahifasida berilgan ma‘lumotlarda aytilishicha, o‘lim jazosi Xitoy Oliy mahkamasi tomonidan tasdiqlangan. Bu hukm har qanday vaqtda ijro etilishi mumkinligini anglatadi.

O‘tgan yilgi hujumlardan eng kuchlisi Xitoyning Qirg‘iziston bilan chegarsiga yaqin yerda joylashgan Oqsu shahrida 19 avgust kuni ro‘y bergandi.

Portlovchi moddalar ortilgan mashinaning olomonga kelib urilishi oqibatida yetti kishi halok bo‘lib, ko‘plar jarohatlangan.

Ushbu hodisada mahkama tortilganlardan ikki kishi Turxon Turdi va Abdullo Turochunlar aybdor topilgan.

Oxunochun Nur esa noyabr oyida Xo‘tan shahrida politsiya zobitini o‘ldirishda aybdor topildi.

Abduqayum Abdurahmon Shinjonning Hami mintaqasida qo‘l bola yasalgan qurol bilan ikki kishini o‘ldirishda aybdor topildi, deb xabar bergan "The Xinjiang Daily" vebsahifasi.

Ushbu to‘rt shaxsning hammalari uyg‘ur bo‘lginchilik harakati a‘zolari, deya gumon qilinmoqda.

2009 yili Shinjonda mahalliy uyg‘ur aholisi va xan xitoylari o‘rtasida etnik to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgandi.

O‘tmishda ham Shinjonda bir qator bomba hujumlari ro‘y bergan bo‘lib, Xitoy rasmiylari bu hujumlarda hamisha uyg‘ur bo‘lginchilarini ayblab kelganlar.

Ammo uyg‘ur faollari va inson huquqlari tashkilotlari Pekinni uyg‘ur muxolifatini bostirish yo‘lida bu amallardan bahona sifatida foydalanishda ayblaydilar.

2009 yilgi etnik to‘qnashularda 200 ga yaqin kishi halok bo‘lgan. Shundan so‘ng rasmiylar mintaqada ko‘p sonli qurolli kuchlar askarlarini joylashtirganlar.

"Amnesti Interneshenel" inson huquqlari tashkilotiga ko‘ra, zo‘ravonliklardan so‘ng 1000 ga yaqin kishi hibsga olingan.