AQSh prezidenti Liviyadagi zo‘ravonliklarni keskin qoraladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

AQSh Prezidenti Barak Obama Liviyada tinch namoyishlarning hukumat tomonidan kuch bilan bostirilishini "zolimona va qabul qilib bo‘lmaydigan amal" deya qoraladi.

Janob Obamaga ko‘ra, Liviyadagi hodisalar borasida dunyo "bir ovoz bilan" gapirishi kerak.

U Qo‘shma Shtatlar qanday ish tutishi borasida o‘z ittifoqchilari bilan maslahatlashayotganini aytdi.

"Liviya hukumati o‘z amallari uchun javob beradi", deb qo‘shimcha qildi Baraka Obama.

Uning bu izohlari Muammar Qaddofiy poytaxt Tripoli doxil Liviya g‘arbini ushlab qolish uchun urinayotgan bir pallaga to‘g‘ri kelmoqda.

Hukumatdan yuz o‘girgan ko‘plab harbiylar tomonidan dastaklanayotgan muxolifat tarafdorlari kuchi mamlakat sharqida jam bo‘lgan.

Tripoli yashovchilari uylaridan ostona xatlab o‘tishga ham qo‘rqishlari, chunki hukumatparast kuchlar ularni otib tashlashlari mumkinligini aytadilar.

Ayni damda minglab xorij fuqarolari bandargohlar va aeroportlar hamda Tunis va Misr sarhadlari orqali Liviyadan chiqib ketishga harakat qilayotirlar.

Zo‘ravonliklar qurbonlarining umumiy raqamini aniqlash imkonsiz. Human Rights Watch inson huquqlarini himoya qilish tashkilotining aytishicha, u 300 ga yaqin odamning o‘lganini tasdiqlashga muvaffaq bo‘lgan, biroq Inson Hukuklari Xalqaro Federatsiyasi kamida 700 inson o‘lganini aytadi.

"Zolimona amal"

Liviyadagi tartibsizliklar haqida gapirgan Barak Obama Liviya rahbari Muammar Qaddofiyni to‘gridan-to‘g‘ri tanqid qilmadi, biroq uning iste‘fosini talab qilayotganlarning hukumat kuchlari tomonidan kuch bilan bostirilishini keskin qoraladi.

"Qon to‘kishlar zolimlikdir. Tinch namoyishchilarga tahdid qilish va ularni otib tashlashga buyruq berish hamda Liviya xalqini jazolashni qabul qilib bo‘lmaydi," dedi u Oq Uydan gapirarkan.

"Bu amallar xalqaro me‘yorlar va oddiy insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Zo‘ravonliklar to‘xtashi kerak," dedi Barak Obama.

AQSh prezidentining ma‘lum qilishicha, u o‘z ma‘muriyatiga inqiroz yuzasidan "turli imkoniyatlarni", jumladan AQSh yakka o‘zi yoki ittifoqchilari bilan birgalikda qo‘l urishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy amallarni ishlab chiqishga buyruq bergan.

"Bunday qaltis vaziyatda millatlar va xalqlarning bir ovoz bilan gapirishi o‘ta muhimdir," deb ilova qildi u.