Yaman prezidenti namoyishchilarni himoya qilishga buyruq berdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Yaman prezidenti mamlakat xavfsizlik kuchlariga uning hukumatiga qarshi chiqayotgan namoyishchilarni himoya qilishga buyruq berdi.

Namoyishchilar mamlakatni 32 yildan buyon idora etib kelayotgan Ali Abdulloh Solih iste‘fosini yanvar oyidan buyon talab qilib kelishadi.

Prezident Solih avvalroq bosimlar ostida iste‘foga chiqmasligini aytgan va namoyishchilar talabini "noqonuniy" deya baholagandi.

Endi esa Ali Abdulloh Solih ham hukumatga qarshi bo‘lgan namoyishchilar, ham hukumatparast namoyishchilar "to‘liq himoya" bilan ta‘minlanishi zarurligini aytmoqda.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, Yaman prezidenti xavfsizlik kuchlariga ikki taraf o‘rtasida munoqashalarni bartaraf etishga ham topshiriq bergan.

Mamlakatda tartibsizliklar boshlanganidan buyon 15 odamning halok bo‘lgani xabar qilinadi.

Iqtidordagi partiyaning to‘qqiz a‘zosi namoyishlarning kuch bilan bostirilishiga e‘tirozan iste‘foga chiqqan.

"Solih barcha xavfsizlik kuchlariga hukumat tarafdorlari va hukumatga qarshi bo‘lgan namoyishchilar o‘rtasida janjallarni bartaraf etish topshirig‘ini berdi," deyiladi Yamanning Vashingtondagi elchixonasi chiqargan bayonotda.

"Hukumat... o‘z fuqarolarining tinch namoyishlar o‘tkazish huquqini himoya qilishda davom etadi," deb ta‘kidlanadi bayonotda.

Chorshanba kuni Aden shahrida politsiya namoyishchilarni tarqatib yuborish uchun ularga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz ishlatgan va havoga qarata o‘q uzgan.

Poytaxt Sanoda esa ikki namoyishchining halok bo‘lgani xabar qilinadi.

Yaman poytaxti va boshqa shaharlarda har kuni minglab odamlar namoyishlar o‘tkazib, prezident iste‘fosini talab qilishmoqda.

Ular shuningdek ishsizlik va korruptsiya muammolariga yechim topilishini istashadi.

Namoyishlarga nafaqat xavfsizlik kuchlari balki hukumat tarafdorlari ham qarshilik ko‘rsatib kelmoqda.

Prezident Solih muxolifatga yon berib, prezidentlik muddati tugagach, 2013 yilda iste‘foga chiqishga va‘da berdi. Biroq bu va‘dalar namoyishchilarni qoniqtirmayotgan ko‘rinadi.

Ali Abdulloh Solih Yamanni 1978 yildan buyon boshqarib kelmoqda.

U janubda al-Qoida tarmog‘i tarafdorlari, shimolda esa bo‘lginchi shia qabilalariga qarshi davomli kurashib kelmoqda.