Obama Ovro‘poni Qaddofiyga qarshi turishga chaqiradi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty

AQSh Prezidenti Barak Obama Britaniya, Frantsii va Italiya rahbarlarini say-harakatlarni birlashtirish va Liviyadagi siyosiy inqirozga munosabat bildirishga chaqirdi.

Barak Obamaning aytishicha, Oq Uy allaqachon Liviyadagi vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha bir qator choralarni taklif qilgan.

Ushbu choralar jumlasiga Liviyaga qarshi vaqtinchalik iqtisodiy embargo joriy etish kiradi.

Endi esa Vashingtonning bildirishicha, Pentagon Liviyadagi vaziyat yuzasidan Prezident Obamaga o‘z qarashlari aks ettirilgan hujjatni taqdim etadi.

Tahlilchilar so‘zlariga ko‘ra, bu AQSh Liviyadagi vaziyatni o‘z nazoratiga olish uchun harbiy aralashuv yo‘lini tanlashi mumkinligi haqidagi ba‘zi davlatlar rahbarlarining taxminlari qisman to‘g‘ri ekanini tasdiqlaydi.

Payshanba kuni AQSh Prezidenti Barak Obama Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron, Frantsiya Prezidenti Nikolya Sarkozi va Italiya Bosh vaziri Silvio Berluskoni bilan telefon orqali suhbatlashdi.

"Prezident Liviya hukumati zo‘ravonliklarga qo‘l urayotganidan chuqur xavotir izhor etdi," deyiladi Oq Uy chiqargan bayonotda.

"Davlatlar rahbarlari shuningdek Liviya xalqiga insonparvarlik yordami miqyosini ham mubohisa etdilar", ta‘kidlanadi hujjatda.

Rossiya va Xitoy kim tomonida? Payshanba kuni BMT Xavsizlik Kengashi navbatdan tashqari majlis o‘tkazib, polkovnik Qaddofiyga nisbatan bo‘lajak munosabatni muhokima etadi.

BMTdagi Britaniya doimiy vakili Mark Grant Xavfsizlik Kengashi a‘zolariga Muammar Qaddofiy payshanba kuni tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonliklarni to‘xtatish uchun hech narsa qilmagani va shu tariqa BMT talablarini e‘tiborga olmaganini eslatdi.

Biroq, muxbirlarga ko‘ra, odatda har qanday jazo choralariga qarshi chiqadigan Rossiya va Xitoyning Liviyadagi inqiroz yuzasidan qanday

mavqe‘ni tutishi ma‘lum emas.

Dushanba kuni AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton BMT Inson Huquqlari Komissiyasi majlisida ishtirok etish uchun Jenevaga parvoz qiladi.

Liviyadagi vaziyat komissiya majlisining asosiy muhokama mavzusi bo‘lishi kutilmoqda.

Shveytsariya hukumati esa mamlakat banklarida saqlanayotgan Muammar Qaddofiy va uning yuqori mulozimlariga tegishli mablag‘larni darhol muzlatib qo‘yishga qaror qilgan.

"Bin Lodin aybdor"

Payshanba kuni Liviya rahbari Muammar Qaddofiy hukumatga qarshi namoyishlar tashkilotchilarini al-Qoida bilan aloqa o‘rnatganlikda aybladi.

Liviya davlat televideniyesida telefon orqali chiqish qilgan Qaddofiy janoblariga ko‘ra, mamlakatdagi tartibsizliklar uchun Bin Lodin aybdor.

"Zoviya aholisi, nima uchun siz Bin Lodin bilan bog‘landingiz? - dedi polkovnik. - Bir necha oydan buyon Bin Lodin odamlarni yollab, bolalaringizni yo‘ldan ozdirib keladi. Ularga hujum qilishga buyruq berilgan".

"Bugun farzandlarimizni o‘ldirayotgan dushman masjidda yoki boshqa bir joyda o‘tiribdi. Unga Bin Lodin topshiriq bergan. U jinoyatchidir. Uni odil mahkama qo‘liga topshirish kerak", - deya ilova qildi Liviya rahbari.

Ammo xalqaro hamjamiyat Qaddofiyning o‘zini amalda o‘z xalqiga qarshi urush ochganlikda ayblamoqda.

Guvohlardan birining aytishicha, g‘arbiy Zoviya shahrida askarlar avtomatlardan namoyishchilarga qarata o‘t ochganlar.

Dunyoning ko‘plab mamlakatlari o‘z fuqarolarini chiqarib olish uchun Liviyaga kema va uchoqlar yo‘llashgan.