Prezident Medvedev yuqori militsiya mulozimlarini vazifalaridan bo‘shatdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Prezident Medvedev Rossiya militsiyasida tub islohotlar o‘tkazishga bel bog‘lagan

Prezident Dmitriy Medvedev Rossiya Ichki ishlar vazirligining yetti nafar genarali va bir polkovnigini egallab turgan lavozimlaridan bo‘shatgan.

Vazifasidan olinganlar orasida Udmurtiya Ichki ishlar vaziri, Tatariston Ichki ishlar vazirining muovini, shuningdek Moskva, Stavropol va Nenets avtonom o‘lkalarining yuqori lavozimli amaldorlari bor.

Nima sababdan militsiya amaldorlarining vazifalaridan chetlatilgani haqida hozircha rasmiy ma‘lumot berilmagan.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, militsiya yuqori amaldorlarining ishdan haydalishi hokimiyatning Rossiya Ichki ishlar vazirligida islohot o‘tkazish qarori bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

Tanqidchilar hokimiyatning islohot o‘tkazish amaliyoti, huquq-tartibot organlaridagi vaziyatni o‘zgartirmasligini aytishadi.

Moskvadagi "Inson huquqlari uchun" umumrossiya harakati rahbari Lev Ponomarevning fikricha, hokimiyatning islohot o‘tkazish tadbiri ijobiy natija keltirmaydi.

"Chunki Rossiya ichki ishlar tizimi boshdan oyoq korruptsiyaga botgan. Hokimiyatning islohot o‘tkazish bayonotlariga qaramasdan militsiya xodimlari orasida jinoyat sodir etish hollari yanada kuchaygan. Bunday jinoyatlar deyarli har kun yuz beradi. Aholi orasida militsiya obro‘si umuman tushib ketgan. Toki militsiya faoliyati amalda yaxshilanmas ekan, aholining militsiyaga nisbatan fikri ham o‘zgarmaydi," deydi Lev Ponomarev.

Rossiya ichki ishlari sobiq vaziri Anatoliy Kulikovning fikricha, militsiya sha‘niga yangrayotgan tanqidlarning barchasi ham to‘g‘ri emas.

"Albatta, militsiya faoliyatiga bog‘liq tanqidlar juda ko‘p. Bu tanqidlar juda o‘rinli va adolatlidir. Men albatta, militsiya faoliyatini oqlamoqchi emasman. Lekin militsiya xodimlari, sobiq Sovet arbobi Mixail Frunze aytganidek, jamiatimizning bir parchasidir. Ular biz yashayotgan jamiatdan chiqishgan. Militsiya xodimlariga berilayotgan juda oz ish haqqi, ularni pora olish va boshqa jinoyatlarga undaydi," deydi Anatoliy Kulikov.

Rossiya rahbariyati boshlagan islohotga fuvofiq, 2012 yilga qadar Rossiya Ichki ishlar vazirligi xodimlarining soni 20 foizga qisqarishi zarur.

Shuningdek, Prezident Dmitriy Medvedev tashabbusi bilan "militsiya" Oktyabr inqilobidan oldingi "politsiya" nomiga qaytishga qaror qilingan.

Joriy yilning 1 martidan boshlab Rossiyada "Politsiyaga oid" qonun kuchga kiradi.

Rasmiylarning ishontrishlaricha, yangi politsiya safiga eng loyiq va vijdonli fuqarolar tanlab olinadi.