Tashqi ishlar vazirlari Liviyadagi vaziyatni muhokama qiladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи RTV

Dunyoning ko‘pgina davlatlaridan tashqi ishlar vazirlari Liviyadagi insonparvarlik inqirozini muhokama qilish uchun Jenevada to‘planishmoqda.

BMT rasmiylariga ko‘ra, aksariyati misrlik bo‘lgan o‘n minglab mehnat muhojirlari Liviyaning Tunis bilan chegarasida tiqilib qolishgan.

Ular oziq -ovqat va boshpanaga muhtoj.

Liviyaning o‘zidan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, isyonchilar poytaxt Tripolini har tomondan o‘rab olishmoqda.

Ikki haftadan buyon davom etayotgan namoyishlarda, mustaqil hisob-kitoblarga ko‘ra, kamida 1000 kishi halok bo‘lgan.

Mamlakat sharqi to‘la aksil-Qaddofiy namoyishchilar qo‘liga o‘tgan va Beng‘ozida muxolifatning Milliy Kengashi tuzilgan.

Kengash barcha namoyishlarni muvofiqlashtirishi va aksil-Qaddofiy kuchlarning "yuzi" bo‘lishi aytilgan.

Qo‘shma Shtatlar sharqiy Liviyadagi aksil-Qaddofiy guruhlarni ochiqcha qo‘llab-quvvatlagan.

Jenevadagi uchrashuvga jo‘nab ketishi oldidan gapirgan AQSh Davlat Kotibasi Hillari Klinton Vashington "sharqdagi ko‘pgina liviyaliklarga murojaat qilayotgani"ni aytgan.

Klinton xonim Jenevadagi BMT Inson huquqlari kengashining yig‘inida Ovro‘po, Yaqin Sharq va shimoliy afrikalik hamkasblari bilan ham insonparvarlik va ham siyosiy jabhadagi javob amallarini muvofiqlashtirishini ma‘lum qilgan.

So‘nggi qo‘rg‘on

Polkovnik Qaddofiy o‘zining 41 yillik boshqaruvi mobaynidagi eng yirik isyonga yuz tutgan, ammo hanuz poytaxt Tripolini nazorat qilmoqda.

Ayni paytda poytaxtdan 50 kilometr g‘arbdagi Zaviya markazi yakshanba kuni aksilhukumat namoyishchilari qo‘liga o‘tgan.

Qaddofiy tarafdorlari shaharni o‘rab turgani xabar qilingan.

"Bu bizning inqilobimiz", deya hayqirishgan namoyishchilardan ba‘zilari.

BBC muxbiriga ko‘ra, namoyishchilar nazorati ostidagi sharqda odatiy hayot belgilarini ko‘rish mumkin, ammo mablag‘ va zahiralar tugaganidan keyin nima bo‘lishi noma‘lum.

Shuningdek, isyonchilarning 1600 kilometr sahro oshib, Qaddofiyning oxirgi qo‘rg‘oni bo‘lgan Tripolini zabt etishga qodir armiyalari ham yo‘q, deydi Beng‘ozidagi BBC muxbiri.

Shanba kuni BMT Xavfsizlik Kengashi Muammar Qaddofiy tuzumiga qarshi jazo choralarini bir ovozdan ma‘qullagan.

Kengash a‘zolari qurol-yarog‘ embargosi, hisoblarni muzlatish va polkovnik Qaddofiyni da‘vo qilinayotgan insoniyatga qarshi jinoyatlar uchun Xalqaro Jinoiy Mahkamaga tortish amallarini qo‘llab-quvatlab, ovoz berganlar.

AQSh Prezidenti Barak Obama Liviya rahbari darhol iste‘foga chiqishi va mamlakatni tark etishi kerakligini aytdi.