AQSh: 'Qaddofiy rahbarlikka qodir emas'

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Muammar Qaddofiy BBC muxbiri doxil bir qator g‘arb matbuoti vakillariga intervyu berdi.

AQShning BMTdagi elchisiga ko‘ra, Liviya rahbari Muammar Qaddofiy "aniq fikrlay olmaydi va rahbarlikka qodir emas".

Bu haqda Syuzan Rays polkovnik Qaddofiyning kecha bir qator g‘arb matbuoti vakillariga bergan intervyusidan so‘ng aytdi.

Rays xonimning aytishicha, o‘z xalqini qirayotgan bir vaqtda jurnalistlarning bu haqda bergan savollarini kulgiga ko‘tarishi Qaddofiying haqiqiy vaziyatdan uzilib qolganligini namoyon etadi.

Suhbat mobaynida janob Qaddofiy poytaxt Tripolida hech qanday noroziliklar ro‘y bermayotgani va xalq uni jon-dilidan sevishini aytgandi.

U shuningdek g‘arb davlatlari Liviyani o‘ziga tashlab qo‘yganliklari, axloqsiz ravishda mamlakatni mustamlakaga aylantirmoqchi ekanliklarini aytdi.

Iste‘foga chiqish niyati bormi-yo‘qligi haqida so‘ralgan vaqti, u iste‘foga chiqish uchun biron mavqeda emasligi va mamlakatdagi butun qudrat xalq qo‘lida ekanligini bildirdi.

Muammar Qaddofiyning xorijdagi banklarda yirik moliyalarga ega ekanligini da‘vo qilayotganlarning esa agar buning dalilini keltira olmasalar "ko‘zlarini o‘yib olish" bilan po‘pisa qildi.

Polkovnik Qaddofiy shuningdek norozilik namoyishlarida qatnashayotgan "Al-Qoida"chilar ekanlari va giyohvand moddalar ta‘siri ostida ekanliklari haqidagi da‘volarini yana bir bor takrorladi.

Xalqaro bosim

Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlar Tashqi Ishlar vazirlari Liviyada namoyishchilarga qarshi hujumlarni qoralab, qurol-yarog‘ embargosi, Qaddofiy va uning yaqinlarining moliyalarini muzlatib qo‘yish, safar qilishlariga ta‘qiq kabi jazo chorlarini ma‘qulladilar.

Jenevada bo‘lib o‘tgan BMT Inson Huquqlari komissiyasi anjumanida Muammar Qaddofiyning iste‘foga chiqishiga da‘vat yangradi.

Anjumanda qatnashgan AQSh Davlat Kotibi Xilari Klinton Qaddofiyni qurolsiz namoyishchilarga qarshi yollangan jangarilarni ishga solish, odamlarga qarata o‘q ochishdan bosh tortgan askarlarni qatl qilishda aybladi.

Kliton xonim shuningdek, AQsh harbiy kemalari Liviya qirg‘oqlariga yaqin yerga joylashtirilgani, dekin hozircha hech qanday harbiy amaliyot rejalanmagani haqida bildirdi.

Liviya sharqidagi bir qator shaharlarni aksilhukumat kuchlar nazorat qilayotgan bo‘lsalar ham, poytaxt Tripoli hanuz Qaddofiychilar qo‘lida.

Dushanba kuni Tripoli atrofida 400 ga yaqin namoyishchilar yig‘ildilar. Qaddofiy tarafdorlari osmonga o‘q uzib ularni tarqatib yuborishga harakat qildilar.

Ayni vaqtda Qaddofiy hukumati tomonidan har bir oilaga 500 dinordan va‘da berilgan pulni olish uchun odamlar banklarga uzundan-uzun navbatlarda turibdilar.

Liviya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari rasmiylar mamlakat sharqidagi kuchlar bilan muzokaralar o‘tkazishga harkat qilishlarini bildirdi, ammo "agarda muzokaralar ish bermasa, xalqaro qonunlarga muvofiq o‘ta yaxshi tayyorlangan kuchlar ishga solinishi mumkin"ligini aytdi.

BMT taxminlariga ko‘ra, oxirgi hafta mobaynida Liviyani 100 ming kishini tashlab chiqqan.