Muammar Qaddofiy kuchlari sharqqa qarab ilgarilagan

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Xabarlarga ko‘ra, Brega shaharchasidagi neft inshooti Qaddofiyga sodiq kuchlar qo‘liga o‘tgan.

Liviya rahbari Muammar Qaddofiyni dastaklovchi kuchlar mamlakat sharqidagi isyonchilar nazoratida bo‘lgan hududlarga kirib borishgan. Xabarlarga ko‘ra, Brega shahridagi neft inshooti ularning qo‘liga o‘tgan.

Brega yaqinida joylashgan Ajdabiya shahrida bo‘lgan BBC muxbiri Jon Simpsonga ko‘ra, 100tacha harbiy mashinalar karvoni ushbu shaharga ham yaqinlashishi kutilmoqda.

Ikki haftalik beqarorliklar davomida Polkovnik Qaddofiy Liviyaning katta qismi nazoratini boy bergan.

Zo‘ravonliklar tufayli o‘n minglab xorijliklar Liviyani tark etishga urinisharkan, Tunis chegarasida yirik insoniy inqiroz paydo bo‘lgan.

Aksari misrlik mehnat muhojirlari ekani aytilayotgan odamlar uylariga keta olmay chegarada qolib ketishgan.

BMT minglab odamlar hayoti xavf ostida ekani va yirik evakuatsiya ishlarini tashkillashtirish zarurligini aytmoqda.

Ayni paytda Muammar Qaddofiy nazoratida bo‘lgan poytaxt Tripolida yoqilg‘i tankeri ag‘darilib, bir qator portlashlarni keltirib chiqargan. Ammo, hodisa qo‘poruvchilik amali bo‘lganmi yo‘qligi aniq emas.

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Tunis chegarasida qochqinlar bilan bog‘liq inqiroz

Isyonkorlar hujumni kutishmoqda

BBC muxbirining xabar qilishicha, Brega yengil qurollangan isyonchilar tarafidan himoya qilingan, biroq Ajdabiya anchayin muhim nishon.

Muxbirga ko‘ra, shahar himoyachilari yuqori darajada hushyor turishibdi va hujumni kutishmoqda.

U yerda tashlab ketilgan katta hajmdagi qurol - yarog‘lar Qaddofiyga tarafdor kuchlar tarafidan bir necha bor portlatib yuborilgan.

Liviya rahbari dastaklovchi kuchlar hozir Ajdabiyadan bor - yo‘g‘i bir necha chaqirimda uzoqda ekanlari aytiladi.

"Ammo, isyonchilar shaharni himoya qilishga qat‘iy ahd qilishgan, ammo bu qanchalar uyushgan holatda amalga oshiriladi hali aytish qiyin", deydi muxbirimiz.