Qaddofiy kuchlari Brega shahriga havodan hujum qilishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Qaddofiy kuchlariga qarshi ko‘ngilli isyonchilar qarshilik ko‘rsatishmoqda

Liviyaning neftga boy Brega port shahri, mahalliy manbalarga ko‘ra, mamlakat rahbari Muammar Qaddofiyga sodiq bo‘lgan kuchlar tomonidan havo hujumiga tutilgan.

Chorshanba kuni Brega shahrida hukumat qo‘shinlari va namoyishchilar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlar natijasida 14 odam halok bo‘lgan.

Polkovnik Qaddofiy kuchlari chorshanba kuni tongda shaharni ishg‘ol etgan, biroq keyinroq muxolifat jangchilarni ularni shahardan siqib chiqargan.

Liviya bo‘ylab ikki haftadan buyon davom etayotgan xalq qo‘zg‘olonlarida Muammar Qaddofiy mamlakat sharqidagi hududlar ustidan nazoratni boy berdi. Biroq u kurashni davom ettirishga ont ichgan.

Chorshanba kuni televideniye orqali Liviya xalqiga murojaat qilgan janob Qaddofiy agar g‘arb kuchlari mamlakat ichki ishlariga aralashsa, minglab liviyaliklar halok bo‘lishi haqida ogohlantirdi.

Liviyada davom etayotgan zo‘ravonliklarda hozirga qadar minglab odam halok bo‘lgani taxmin qilinadi.

Xalqaro Jinoyat Mahkamasining prokurori Luic Moreno-Okampo payshanba kuni 10-15 Liviya rahbarlariga nisbatan insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etish ayblovi ilgari surilishini ma‘lum qildi.

Hozircha qurbonlar yo‘q

Brega shahrida qaysi inshootlar havo hujumiga tutilgani hozircha ma‘lum emas.

"Ikki soatcha oldin harbiy uchoqlar aholi maskani va neft shirkati o‘rtasidagi hududga bomba tashlashdi", deya shahar shifoxonasining vakili Fata Mug‘rabiyga iqtibosan xabar berdi Frans press agentligi.

"Bilishimcha, hozircha qurbonlar yo‘q", - dedi u.

Muxolifat kuchlari vakilining xabar berishicha, harbiy uchoqlar shuningdek Ajbaya shahrida muxolifat nazorat qilayotgan mavqelarni bombalaganlar.

Xabarlarga ko‘ra, Brega g‘arbida joylashgan Ras Lanuf shahrida polkovnik Qaddofiyga sodiq bo‘lgan kuchlar yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rishmoqda.

Ayni damda Gollandiya hukumati Qaddofiy kuchlari uch gollandiyalik desantchini tutib olganliklarini tasdiqlashgan. Desantchilar Sirt shahrida ikki ovro‘polikni evakuatsiya qilayotgan paytda qo‘lga olinganlar.