Xalqaro jinoyat mahkamasi Qaddofiy ustidan tekshiruv o‘tkazadi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Xalqaro Jinoyat Mahkamasi bosh qoralovchisi Liviyadagi zo‘ravonliklar uchun mas‘ul shaxslar albatta jazolanishini aytadi

Xalqaro Jinoyat Mahkamasi Liviya rahbari Muammar Qaddofiy va uning o‘g‘illari insoniyatga qarshi jinoyat qilish gumoni bilan tekshiruvga tortilishini e‘lon qilgan.

Bosh qoralovchi Luis Moreno-Okampoga ko‘ra, Liviyada hech kim daxlsiz qolmaydi.

"Muammar Qaddofiy va uning atrofidagilar jinoiy harakat qilgan bo‘lsalar, albatta jazoga tortiladilar," deb aytgan Luis Moreno-Okampo.

"Oddiy fuqarolarni qirg‘in qilishga hech kimning haqqi yo‘q," deya ilova qilgan Xalqaro Jinoyatlar Mahkamasining bosh qoralovchisi.

Liviyada 17 fevralda boshlangan tartibsizliklar chog‘ida namoyishchilarning xavfsizlik kuchlari tomonidan nishonga olinishi oqibatida minglab odamlarning halok bo‘lgani gumon qilinadi.

Polkovnik Qaddofiy mamlakatning aksar hududlari ustidan nazoratni boy bergan esa-da, kurashni davom ettirishga ont ichgan.

Payshanba kuni uning kuchlari neftga boy Brega shahriga havo hujumlarini uyushtirganlar.

Bir kun avval ayni shaharda Qaddofiy tarafdorlari va unga qarshi bo‘lgan kuchlar o‘rtasida yuz bergan to‘qnashuvlarda 14 odam halok bo‘lgandi.

Janob Moreno-Okampo polkovnik Qaddofiy, unga eng yaqin bo‘lgan mulozimlar va uning o‘g‘illari tekshirilishini aytgan.

"Prokuratura idorasi Liviyada 15 fevraldan boshlab sodir etilayotgan insoniyatga qarshi jinoyatlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga qaror qildi," deb aytgan Moreno-Okampo.

"Kelgusi haftalarda prokuratura eng jiddiy hodisalar uchun, Liviyada sodir etilgan eng jiddiy jinoyatlar uchun kim mas‘ul bo‘lgani yuzasidan tekshiruvlar olib boradi," deya xulosa qilgan Xalqaro Jinoyat Mahkamasining bosh prokurori.

U sodir etilgan jinoyatlar yuzasidan muxolifat ham javobgarlikka tortilishi mumkinligini bildirgan.