Liviya: isyonchilar hukumat bilan muzokara shartlarini e‘lon qilishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Havo zarbalarini qaytargan isyonchilar yerdan hujumga tayyorlanishmoqda

Liviya sharqidagi isyonchilar Muammar Qaddofiy iste‘fo berib, mamlakatni tark etmagunicha muzokara olib bormasliklarini aytishdi.

Beng‘ozidagi Liviya Milliy Kengashi, shuningdek, hukumatning isyonchilarga qarshi havo hujumlarini to‘xtatish uchun xalqaro mudoxalaga chaqirdi.

Xagadagi Xalqaro Jinoiy Mahkama esa, polkovnik Qaddofiy va o‘g‘illarining insoniyatga qarshi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirishini bildirgan.

Qaddofiy mamlakat josuslik xizmati rahbariga muxolifat bilan muzokaralarni boshlashga buyruq bergani haqidagi xabarlar otidan Beng‘ozidagi Milliy Kengashi muzokaralarga o‘rin yo‘qligini aytgan.

Aholi vakillari va armiyadan qochganlardan tashkil topgan isyonchilar mamlakatning ikkinchi yirik neft ishlab chiqarish inshootlari joylashgan Brega bandargohi ustidan nazorat o‘rnatishga muvaffaq bo‘lishgan.

Payshanba kuni Qaddofiy kuchlari Bregaga yangi havo hujumlarini uyushtirgan, ammo u yerdagi neftni qayta ishlash zavodini nishonga ololmagan va qurbonlar haqida xabr olinmagan.

Tripolidagi terror Qaddofiyning istehkomi bo‘lgan poytaxt Tripolida esa, juman namozidan so‘ng Liviya rahbariga qarshi namoyishlarga da‘vat yangragan.

O‘tgan hafta juma namozidan so‘ng poytaxtning bir necha mavze‘laridagi namoyishchilarning chiqishlari Qaddofiy tarafdorlari tomonidan o‘qqa tutilgan.

Xabarlarga ko‘ra, Qaddofiyning xavfsizlik kuchlari oxirgi kunlarda muxolifatni bostirish maqsadida Tripolida hibsga olishlar, qotillik va bedarak yo‘qolishlarni sodir etgan.

Ayni paytda AQSh Prezidenti Barak Obama payshanba kuni Oq Uydagi matbuot anjumanida Liviya rahbarini iste‘fo berishga chaqirgan.

"Muammar Qaddofiy qonuniyligini yo‘qotdi va ketishi kerak" deb aytgan janob Obama.

Xalqaro Muhojirlik Tashkilotining bildirishicha, Liviyadan 200 mingga yaqin mehnat muhojirlari Misr, Tunis va Nigerga qochib chiqqan.

Muammar Qaddofiy Malidan yana 300 chamasi askarlar yollagani haqidagi xabarlar ortidan Bregadagi muxolifat kuchlari yangi hujumlarga tayyorlanmoqda.

Qaddofiy tarafdorlari chorshanba kungi mag‘lubiyati ortidan g‘arbdagi Ras Lanuf neft bandargohi tomon chekingani xabar qilinadi.

Pulemyotlar va raketalar bilan qurollangan isyonchilar janglarda halok bo‘lgan 14 chamasi jangchilarni dafn etishgan.

G‘arbdagi isyonchilar nazorat qilayotgan yirik shaharlar-Zaviya va Misrata ham Qaddofiy tarafdorlarining hujumlarini qaytargan.