Qaddofiy Liviyadagi g‘alayonlar uchun xorijiy kuchlarni aybladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Polkovnik Qaddofiyning ishonishicha, Liviyadagi g‘alayonlar uchun Ovro‘po davlatlari va al-Qoida aybdor

Liviyada hukumat kuchlari g‘arbiy al-Zaviya shahriga hujumlarni kuchaytirishar ekan polkovnik Muammar Qaddofiy televideniye orqali chiqish qilib, mamlakatdagi g‘alayonlar uchun tashqi kuchlarni aybladi.

Polkovnik Qaddofiyning aytishicha, Ovro‘po hukumatlari va al-Qoida liviyalik yoshlarni g‘alayonlarga tashviq etmoqda.

Ayni damda Qaddofiy tarafida bo‘lgan kuchlar al-Zaviya yon atrofidagi hududlarni zambaraklardan o‘qqa tutib, shahar markazini egallashga urinmoqda.

Qo‘shma Shtatlar esa Liviya havo hududini yopib qo‘yish bo‘yicha har qanday qarorni BMT olishi zarurligini aytdi.

Liviya isyonchilari polkovnik Qaddofiyning 41 yillik hokimiyatini tugatish uchun jang qilmoqda va o‘tgan uch haftadan ko‘proq vaqt ichida bir mingdan ko‘proq odamning halok bo‘lgani ishoniladi.

BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, mojarolar tufayli 212 mingga yaqin odam uy-joylarini tark etgan.

"Poyintar-soyintar" nutq

Tripolidagi BBC muxbiriga ko‘ra, polkovnik Qaddofiy nutqi Liviya rahbarining o‘ziga nihoyatda ishonishi va o‘ta jangarona ruhda ekanini ko‘rsatgan.

Liviya davlat televideniyesi chorshanba kuni ertalab polkovnik Qaddofiyning qabila rahbarlari o‘ngida qilgan chiqishini namoyish etgan.

Uning aytishicha, Ovro‘po hukumatlari va al-Qoida mamlakatni ikkiga bo‘lib tashlashga harakat qilmoqda.

BBC muxbiri "poyintar-soyintar" deya ta‘riflagan nutqida polkovnik muxolifatga yon berish yoda muloqot o‘tkazish niyatini bildirmagan.

Ikki hafta muqaddam isyonchilar nazoratiga o‘tgan al-Zaviya shahri hukumat kuchlari tomonidan deyarli o‘rab olingan.

Biroq, shaharning zambaraklardan o‘qqa tutilayotgani va ko‘plab odamlarning halok bo‘lgani haqida xabarlar kelmoqda.

Al-Zaviya yashovchilaridan biri 50 tankda va o‘nlab mashinalarda Qaddofiy tarafida bo‘lgan kuchlarni ko‘rganini aytdi.

Shahardagi asosiy shifoxona yaradorlarga to‘lib ketgani aytiladi.

"Qancha odam halok bo‘lganini bilmayman. Ular al-Zaviyaning kulini ko‘kka sovurishdi," dedi shaharliklardan biri.

Sharqiy Liviyadagi Ras Lanuf bandargohini ushlab turgan isyonchilar havo va artilleriya hujumlariga tutilmoqdalar. Xabarlarga ko‘ra, u yerda kamida 30 odam yaralangan.

Inqiroz yechimi Qaddofiy kuchlari qarshi hujumlarni kuchaytirar ekan harbiy aralashuv chaqiriqlari ortib bormoqda.

Biroq, AQSh Davlat kotibi Hillari Klinton Liviya havo hududini yopib qo‘yish bo‘yicha har qanday qaror Vashington emas, balki BMT tomonidan olinishi kerakligi haqida ogohlantirdi.

Klinton xonimning aytishicha, har qanday odim Liviya xalqi tomonidan bo‘lishi zarurligini ta‘kidladi.

Liviya havo hududining berkitilishi amalda Muammar Qaddofiyga sodiq havo kuchlari amaliyotining amalda ta‘qiqlanishini anglatadi.

Ushbu cheklovga amal qilmagan har qanday uchoq xalqaro kuchlar tomonidan urib tushirilishi mumkin bo‘ladi.

O‘xshash cheklovlar 1991-yilgi Ko‘rfaz urushida Iroq shimoli va janubida hamda 1994-95-yillarda Bosniyadagi urush paytida qo‘llanilgan edi.

AQSh Prezidenti Barak Obama va Britaniya Bosh vaziri Devid Kameron seshanba kuni Liviya havo hududlarida parvozlarni man‘ qilish ehtimollarini mubohisa etishdi.

Ammo ikkala mamlakat ham har qanday harbiy aralashuv xalqaro dastakka ega bo‘lishi kerak deb ishonadi.

Oq Uy chiqargan bayonotga ko‘ra, ikki rahbar telefon suhbati chog‘ida "ehtimoliy javoblarning barcha yo‘nalishlari" mubohisa etilgan.