Ozari rasmiylari Arab dunyosi hodisalari yuz bermasligi choralarini ko‘rmoqda

Ozarbayjon rasmiylari Arab dunyosidagidek hodisalar yuz berishi oldini olish maqsadida qator siyosiy faollarni hibsga olgan.

Hibslar Facebook ijtimoiy tarmog‘ida 11 mart, juma kuni aksilhukumat norozilik namoyishlariga chaqiriq e‘lon qilinganidan keyin amalga oshirilgan.

Siyosiy faoliyat hamda ommaviy axborot vositalarini qattiq nazoratda ushlashga harakat qiladigan Ozarbayjon rahbariyati Yaqin Sharq o‘lkalaridagi hodisalar to‘lqini bu mamlakatdagi nisbatan kuchsiz muxolifatni jonlantiradi, deya asabiylashayotgani kuzatiladi.

Hibsga olishda Ozari rasmiylari ijtimoiy tarmoqlarda faol bo‘lgan yoshlarni yoki siyosiy muxolifat partiyalarining yosh faollarini ko‘proq nishonga olmoqda.

Bu kishilarni qo‘lga olishda Ozari politsiyasi bemantiq sabablardan tortib, jamoat tartibini buzishgacha bo‘lgan turli vajlarni ko‘rsatgan.

Biroq faollarning aytishicha, hibsga olishlarning asl sababi Facebookda butun Ozarbayjon bo‘ylab hukumatga qarshi "11 mart - Ozarbayjon buyuk xalqining kuni" deb nomlangan norozilik namoyishlarini boshlashga chaqiriq bilan bog‘liq.

Ozari bloggeri Emin Millining ikki yil oldin qamoqqa olingani xalqaro darajada tanqidlarga sabab bo‘lgan edi. U o‘tgan yili noyabrida ozodlikka chiqarilgan. So‘nggi hibslar hukumatning asabiyligini ko‘rsatadi, deydi Emin Milli.

"O‘ylaymanki, bo‘layotgan ushbu hibslar hukumat Yaqin Sharqdagi hodisalar Ozarbayjonga ta‘sir qilishi mumkinligidan qanchalar asabiylashayotganini namoyish etadi. Ammo ularning odamlarni hibsga olayotgani qaytaga ko‘proq jahonning e‘tiborini o‘ziga tortadi, xalqaro ommaviy axborot vositalarining Ozarbayjondagi hodisalarga e‘tibori kuchayadi", deydi Emin Milli.

Internetda e‘lon qilingan shior - "Biz demokratiya yo‘lidamiz va bu yo‘lning oxirigacha yetish niyatidamiz" shiorini uch ming besh yuz kishi qo‘llab-quvvatlagan.

Biroq, muxbirlarning yozishlaricha, norozilik namoyishiga qancha odam, qayerga chiqishi mumkinligi noma‘lum.

Veb-sahifa mualliflaridan faqat bir nafari Ozarbayjonda istiqomat qiladi va u bir oyga hibs etildi.

Kuzatuvchilarga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi tartibsizliklar ortidan Ozari hukumati ayrim amallarga qo‘l urdi.

Mamlakatda korruptsiyaga qarshi yirik kampaniya boshlangani, maxsus holatlar haqida ma‘lumot berish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri telefon xizmati tashkil etilgani xabar qilindi.

Biroq hukumat tanqidchilariga ko‘ra, bu choralar yetarli emas.