Turkiyaning xushovoz yulduzi Ibrohim Totlisas o‘lim bilan olishmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption Ibrohim Totlisasning ahvoli nihoyatda og‘ir ekani aytiladi

O‘tgan kecha Istanbulda otib ketilgan Turkiyaning eng mashhur qo‘shiqchilaridan Ibrohim Totlisasning o‘lim bilan olishayotgani aytiladi.

U o‘zining mashhur "Ibo" shousi yoziladigan telestudiya oldida noma‘lum shaxslarning hujumiga uchragan.

Turkiya Cog‘liqni saqlash vaziri Rajab Oqdog‘ Ibrohim Totlisas boshidan otilgani va tunda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgani, ammo hanuz og‘ir ahvolda ekanini bildirgan.

Muxlislari orasida "Ibo" nomi bilan mashhur Ibrohim Totlisasni Turkiyaning eng katta yulduzi, deb aytish mumkin.

Turkiyaning janubi sharqida, kambag‘al oilada voyaga yetgan Totlisas erishgan mashhurlik va boylik ko‘pgina odamlarni ilhomlantirib kelgan.

Rasmiy ta‘lim olmaganiga qaramay, qudratli ovozi va qat‘iyati uni Turkiya pop musiqasidagi eng katta nomga aylantirgan.

Juda ko‘p filmlarda suratga tushgan Ibrohim Totlisas o‘zining "Ibo Shou" ko‘ngilochar dasturi bilan muxlislarning yanada ko‘proq olqishini qozondi.

Totlisasga hujum o‘tgan tunda, u o‘zining navbatdagi shousini yozib bo‘lganidan ko‘p o‘tmay, yuz bergan.

Istanbul shahar hokimi Avni Mutluga ko‘ra, Totlisas telestudiyadan chiqib, mashinasida uyiga qarab yurishni boshlaganidan ko‘p o‘tmay, ichida kamida ikki noma‘lum shaxs bo‘lgan mashina tomonidan ta‘qib etilgan.

Hokimga ko‘ra, Totlisasga uyushtirilgan suiqasdda "Kalashnikov" rusumidagi quroldan 11 marta otilgan.

O‘qlardan ba‘zilari uning boshi va yuziga tekkan.

Hodisada uning yordamchisi Buket Chakiji ham yaralangan, ammo uning holati Totlisasnikidan ancha yaxshi ekani aytiladi.

Ularning har ikkalasi shifoxonaga yetkazilgan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Shifoxonaning bosh jarrohi Chog‘lar Jihadiro‘g‘li bugun bir bayonot chiqarib, Totlisas hanuz og‘ir ahvolda ekani, ammo amaliyot natijasida uning ahvoli biroz barqarorlashganini bildirdi.

Shifokorga ko‘ra, Totlisas tanasining bir qismi hozirning o‘zida falaj holga kelgan bo‘lishi mumkin.

Turkiya Bosh vaziri Rajab Toyyib Erdo‘g‘on shifokorlarga sim qoqib, Totlisasning ahvolidan muntazam xabardor qilib turishlarini so‘ragan.

Suiqasd ortida kim turgani va uning motivlari borasida tuli-tuman farazlar bor.

Rasmiylar hujumda qo‘llanilgan mashina va kamida ikki odamni aniqlaganliklarini aytishmoqda.

Hujumda ishlatilgan qurollar uyushgan jinoiy guruh va hatto, jangari guruhga ham ishora qiladi.

Ibrohim Totlisas ulkan biznes imperiyasiga ega va so‘nggi yillarda Shimoliy Iroqqa katta sarmoya kiritgani aytiladi.

59 yoshli qo‘shiqchi boshqa ko‘zga ko‘ringan shaxslar bilan nizolari bilan ham tanilgan va avval ham ikki marta o‘qqa uchragan.