O‘zbekistonlik olim: 'Fukusima AESdagi halokat darajasi u qadar katta emas'

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP

Yaponiya hukumati zilzila va tsunami ortidan katta shikast yegan Fukusima atom elektr stantsiyasida qizib ketayotgan reaktorlarga havodan suv purkash choralarini to‘xtatishga majbur bo‘lganini aytmoqda. Chunki, AES uzra radiatsiya darajasi yuqori bo‘lishi mumkin degan xavotirlar mavjud.

Ba‘zi tahlilchilar ayni damda agar reaktorlar portlasa, shundoq ham zilzila va tsunamidan katta talofat ko‘rgan Yaponiya uchun o‘ta jiddiy fojea yuzaga kelishi mumkinligini aytishadi.

Toshkentdagi Yadroviy Fizika Instituti sobiq xodimi Naubet Bisenovning aytishicha, Fukusima Atom Elektr Stantsiyasidagi halokat darajasi u qadar katta emas.

Naubet Bisenov: Manimcha, mana shu Fukusima AESida yuz bergan hodisalar unchalik xavfli emas. Yaponiya hukumatining zilzila va tsunamidan keyin qilgan harakatlari katta halokatni oldini oldi. Shuning uchun, men hozir Fukusima AES reaktorlarida katta halokat bo‘lmaydi, deb o‘ylayman.

BBC: Lekin, xalqaro hamjamiyat tomonidan ham, xalqaro mutaxassislar, Yaponiya hukumatining o‘zi tomonidan ham xavotirlar juda katta bo‘lyapti. Aytishlaricha, reaktorlar qizib ketmoqda, ularning sovutkichlari barbod bo‘lgan. Mana shuningz o‘zi radiatsiya kelib chiqishiga yetaklaydigan hol emasmi?

Naubet Bisenov: AESning mana shunday zilzila yoki tsunami bo‘lganida reaktorni to‘xtatadigan xavfsizlik sistemasi bo‘ladi. Lekin, zilziladan keyin tsunami suvi kelib hamma shu sistemalarga zarar yetkazgan. Shuning uchun, reaktor o‘z-o‘zini to‘xtata olmay qolgan. Fukusima reaktorlari juda qizib ketyapti. Mana shuni to‘xtatish uchun yapon hukumati dengiz suvini olib o‘sha reaktorlar tepasidan qo‘ymoqda.

BBC: Shu ishlar bilan reaktorlarning portlab ketishini oldini olish mumkinligini aytayapsiz, lekin agar reaktorlar portlasa, radiatsiya darajasi naqadar katta bo‘lishi mumkin, qayergacha yetishi mumkin?

Naubet Bisenov: Hozir eng katta nurlanish darajasi 400 mZv soatiga deb aytilyapti. Lekin, bu reaktorlar portlaganda ham ularning sirtida maxsus konteynerlar bor. Mana shu konteynerlar reaktorlar portlaganda ham nurlanishni tashqariga chiqarmay ushlab qoladi. Reaktorlar portlaganda ham, Chernobildagiga o‘xshash katta darajali halokat bo‘lmaydi. Reaktorlar portlaydigan bo‘lsa, zararlanish zonasi 20-30 kilometrdan ortiq bo‘lmaydi, deb baholanadi.

BBC: Ayni paytda atom energiyasi boshqa energiya zahiralari tugab borayotgan bir paytda kelajakdagi ishonchli energiya sifatida ko‘riladi. Ammo, ana shunday hodisalar atom energiyasining naqadar fojeali, halokatli va insonlar uchun qanchalar xavfli narsa ekanini ko‘rsatmaydimi?

Naubet Bisenov: Mana shunday voqealar atom energiyasini xavfli etib ko‘rsatadi. Lekin, olimlar va injenerlar mana shunaqa voqealardan dars oladilar. Ular hoziro Fukusima AESida bo‘lgan voqealarni tahlil qilib, kelajakda shunday vaziyat bo‘lmasligi ustida bosh qotiradilar.

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди