BMT Qaddofiyga qarshi choralarni qo‘llab-quvvatladi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty
Image caption BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi o‘tgan tunda ma‘qullandi

BMT Xavfsizlik Kengashi Liviyada parvoz taqiqlangan havo hudud yaratish va tinch aholini himoya qilish uchun "barcha zaruriy choralar"ga qo‘l urilishiga doir qonun loyihasini ma‘qullagan.

Dastlab Liviyadagi hodisalarga aralashuv qay yo‘sin kechishi hamda qachon boshlanishi mumkinligi oshkor qilinmagan. Biroq, Frantsiya mazkur sa‘y-harakat bir necha soatlar ichida boshlanishiga ishora bergan.

BMT rezolyutsiyasi aftidan Polkovnik Muammar Qaddofiyning piyoda kuchlariga qarshi hujumlarni qonuniy kuch beradigan ko‘rinadi.

Muammar Qaddafiy yaqinda isyonkorlar tarafidan ishg‘ol qilingan qator shaharlarni qaytarib oldi. Isyonkor kuchlar o‘z tayanch nuqtalari Beng‘ozida BMT rezolyutsiyasini xursandchilik bilan kutib olishgan, biroq hukumat buni BMT "tajovuzi" deya qoralagan.

Polkovnik Qaddofiyga sodiq kuchlar bir million aholiga ega Beng‘oziga katta bosim qo‘yishmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyani ma‘qullashi ortidan Qo‘shma Shtatlar Prezidenti Barak Obama Frantsiya va Britaniya rahbarlariga sim qoqib, navbatdagi qadam qanday bo‘lishi kerakligini mubohasa qilgan. Rahbarlar Liviya zudlik bilan rezolyutsiya talablariga bo‘ysunishi kerakligini aytishgan.

Ayni masalaga boshida AQSh aralashmasligi taxmin qilinadi. Rezolyutsiyaning amalga tadbig‘ida Britaniya va Frantsiya ayrim Arab ittifoqchilari bilan birga yetakchi rol o‘ynaydigan ko‘rinadi. Norvegiya ushbu harakatlarda ishtirok etishini bildirgan.

Bi-bi-sining diplomatik masalalari bo‘yicha muxbiri Jonatan Markusning aytishicha, Parijdan berilayotgan ishoralar havodan amaliyotlar muqarrarligiga ko‘rsatadi, ammo bu Polkovnik Qaddofiyni tang ahvolda qoldirishga urinish bo‘lishi mumkin.

Avvalroq, Qo‘shma Shtatlar rasmiylari Muammar Qaddofiy havo kuchlari harakatini cheklashga urinish yakshanba va yo dushanba kunidan boshlanishi mumkinligini aytishgandi.

Buyuk Britaniya, Frantsiya va Livan Xavfsizlik Kengashi 1973 rezolyutsiyasini AQShning dastagi bilan taklif qilgan.

Liviya rahbari Muammar Qaddofiyning o‘g‘illaridan biriSayf al-Islom Liviya BMT harbiy amaliyotlaridan hayiqmasligini aytgan.