Rasmiy Minsk Ovro‘po Ittifoqiga javoban o‘z 'qora ro‘yxati'ni tayyorlamoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AFP
Image caption Rasmiy Minsk Ovro‘po Ittifoqining sanktsiyalariga jimgina qarab o‘tirmasligini aytmoqda

Ovro‘po Ittifoqi yana 19 belarus amaldorining sayohatini cheklarkan, rasmiy Minsk Ovro‘po parlamenti raisi doxil 150 nafar ovro‘polik siyosatchining Belarusga kirishini taqiqlashga hozirlik ko‘rmoqda.

Mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqining sanktsiyalari eng avvalo "ommaviy tartibsizliklar"ga aloqador ish yuzasidan hukm chiqarishda ishtiroki bo‘lgan hakamlar va huquq-tartibot xodimlarini ko‘zda tutadi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, joriy Belarus hukumati o‘z muxoliflarini mislsiz ravishda qatag‘on etmoqda.

Bryusseldan kelayotgan xabarlarga ko‘ra, Ovro‘po Ittifoqi kengashi "Belarusdagi vaziyatning jiddiyligi"dan kelib chiqib, o‘z "qora ro‘yxati"ni uzaytirishga qaror qilgan.

O‘tgan yilning so‘nggi kunida xalqaro tashkilot Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenko va uning o‘g‘illari doxil 150 dan ortiq amaldorning Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlar hududiga kirishlarini taqiqlab qo‘ygandi.

Ittifoqning so‘nggi qarori ortidan rasmiy Minsk Rossiyaning "Interfaks" axborot agentligi orqali o‘z "qora ro‘yxati"ni tuzish niyatida ekanini bayon qilgan.

Hukumat doiralaridagi o‘z ismini oshkor etmagan manbaga ko‘ra, "javob choralari Ovro‘po Ittifoqiga a‘zo davlatlar va AQShdan bo‘lgan 150 kishini ko‘zda tutishi mumkin".

Ularning orasida Ovro‘po Parlamenti raisi Yeji Buzek, deputati Yatsek Protasevich va Belarusga qarshi tashabbuslari bilan tanilgan boshqa siyosatchilaru jurnalistlarning borligi aytiladi.

Manbaga ko‘ra, "Belarus va G‘arb munosabatlarida inqirozning yuzaga kelishida muhim o‘rin tutgan qator shaxslarga nisbatan allaqachon viza cheklovi joriy etilgan".

Rasmiy Minskning bayon qilishicha, javob choralari birgina viza cheklovlari bilan cheklanmay, davlatlararo hamkorlik, xorijiy jamg‘armalar va nodavlat tashkilotlarining faoliyatini ham qamrab olishi mumkin.

Prezident Lukashenko kuni-kecha bir guruh rossiyalik jurnalistlar bilan uchrashuvi chog‘ida yana bir bor G‘arb bilan muloqot qilish istagi yo‘qligini keskin bayon qilgandi.

Janob Lukashenko, "G‘arb bilan, Amerika bilan? Ular bilan gaplashib bo‘lmaydi va so‘zlashish ham mumkin emas. Ular tarbiyali odamlar emas: tillari va dillari boshqa-boshqa," deya xitob qilgandi.