Turkiyaning xushovoz xonandasi Ibrohim Totlisas hushiga keldi

Bundan o‘n kuncha burun noma‘lum shaxslarning hujumiga uchrab, o‘lim bilan olishayotgani xabar berilgan Turkiyaning eng xushovoz xonandalaridan Ibrohim Totlisas hushiga kelgan va gapirishni boshlagan.

Hujum ortidan taniqli xonanda o‘ta og‘ir ahvolda keltirilgan va zudlik bilan jarrohlik amaliyoti o‘tkazgan Maslak Ajibadem kasalxonasi bosh shifokoriga ko‘ra, uning ahvoli mu‘tadillashib bormoqda.

Tanasining chap qismi falajlanib qolgan bo‘lsa ham, haliyam kasalxonaning jonlantirish bo‘limida yotgan Ibrohim Totlisasning musiqa tinglay boshlagani ham aytiladi.

Shifokorlarga ko‘ra, joriy paytda Ibrohim Totlisas psixoterapiya kurslaridan ham o‘tmoqda.

Xushovoz xonandaning yaqinlariga ko‘ra, sog‘ayib ketgan taqdirda ham, Ibrohim Totlisas ortiq katta sahnaga qaytmaydi.

Ibrohim Totlisas 14 martga o‘tar kechasi o‘zining mashhur "Ibo" shousi yoziladigan telestudiya oldida noma‘lum shaxslar tomonidan otib ketilgandi.

Yuz bergan hodisa ortidan, yulduz xonandaning kamida ikki noma‘lum qurolli shaxsning hujumiga uchragani, "Kalashnikov" rusumidagi avtomatdan 11 marotaba o‘q yegani xabar berilgandi.

O‘qlardan ba‘zilari uning boshi va yuziga tekkani ham aytilgandi.

Suiqasdchilar mahkamaga yo‘llandi

Turkiyadan olinayotgan xabarlarga ko‘ra, Ibrohim Totlisasni o‘ldirishga urinish gumoni bilan bir necha kun so‘roq qilingan yetti gumondor o‘tgan yakshanba kuni mahkamaga yo‘llangan.

Ularning orasida taniqli biznesmen Abdulla Ushmakning ham borligi aytiladi.

Ammo Turkiya axborot agentliklarining xabarlariga ko‘ra, u tergov jarayonida barcha da‘volarni rad etgan.

Biznesmenga ko‘ra, savdo markazida boshqa gumondorlar bilan birga olingan surati mutlaq tasodifdan o‘zga narsa emas.

Istanbul Politsiya boshqarmasining yozma bayonotida bildirilishicha esa, "Abdulla Ushmak va yana uch gumondor ikki marotaba qotillikka qo‘l urishga urinishda" ayblanishmoqda.

Bayonotda da‘vo qilinishicha, "buyurtmachi" va ijrochilar "telefon orqali" muloqotda bo‘lishgan. Va "buyurtmachi" politsiya xodimlarini chalg‘itish uchun hujumdan avval ikkita yangi uyali telefon va SIM kard sotib olgan.

Ibrohim Totlisasga qarshi uyushtirilgan hujum ortidan politsiya 45 ta turli manzillarga reyd uyushtirib, ja‘mi 16 kishini hibsga olgandi.

Ulardan sakkiz nafari zudlik bilan qo‘yib yuborilgan, bir nafari voyaga yetmaganlar hibsxonasiga yuborilgan va o‘tgan shanba kuni yana bir kishi hibsga olingandi.