Britaniya O‘zbekistondagi qiynoqlar bilan bog‘liq vaziyatdan hanuz xavotirda ekanini aytmoqda

Image caption Britaniya tomoni O‘zbekistonda qiynoq hollariga oid raqamlarning hanuz yuqoriligicha qolayotganidan xavotir izhor etadi

Britaniya Tashqi ishlar vazirligining dunyodagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga oid so‘nggi hisobotida aytilishicha, O‘zbekistonda qiynoq hollariga oid raqamlarning hanuz yuqoriligicha qolayotganidan jiddiy xavotirdalar.

Bugun e‘lon qilingan yangi hisobotda 2010 yilgi vaziyat haqida so‘z boradi va ayniqsa, hibsxonalardagi vaziyatga e‘tibor qaratiladi.

"2007 yilda Birlashgan Millatlarning Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasi o‘zbekistonlik mas‘ullarni javobgarlarni jazoga tortish masalasiga e‘tibor qaratishga undagandi. Inson huquqlarini buzganliklariga oid shikoyatlar ortidan qator huquq-tartibot xodimlari intizomga chaqirilgan bo‘lsa ham, mustaqil inson haqlarini saqlash Tashabbus guruhi 2010 yilda 39 mahbusning qiynoqlar tufayli hayotdan ko‘z yumganligini da‘vo qildi," deydi hisobot.

O‘z o‘rnida, O‘zbekistondagi qiynoqlarga oid hollarni rasman qayd etishning imkoni yo‘qligi, O‘zbekiston hanuz Birlashgan Millatlar Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisining mamlakatga kirishiga izn bermay kelayotgani ham urg‘ulanadi.

Hisobotga ko‘ra, O‘zbekistonda muayyan ma‘noda mahbuslarning jismoniy ahvollari o‘nglangan bo‘lsa ham, gepatit va sil xastaliklari mahbuslar orasida hanuz keng tarqalgan.

Bundan tashqari, Britaniya Tashqi ishlar vazirligi, mulozimlar tomonidan ayrim mahbuslar, jumladan, diniy ayblarda ayblanganlarga nisbatan o‘ta qo‘pol munosabatdan ham o‘z xavotirlarini bildiradi.

O‘z o‘rnida, O‘zbekiston tomonining qamoqxona tizimini isloh etish uchun o‘zlari bilan ishlashga tayyor ekanini izhor etgani ham aytib o‘tiladi.

O‘zbekistondagi Ekspert ishchi guruhining bugun e‘lon qilgan hisobotida ham mamlakat hibsxonalaridagi qiynoqlar va nomaqbul munosabatlarga oid yangi ma‘lumotlar keltiriladi.

Tashkilot hisobotida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining sobiq yuqori mansabli xodimi Mansur Soyipov va 2007 yilda 10 yilga hukm etilgan diniy mahbus Muzaffar Ahmedov haqida so‘z boradi.

Ekspert Ishchi guruhining Mansur Soyipov yaqinlariga tayanib aytishicha, u shu yil yanvar oyining oxirida diniy ekstremizmda ayblanayotgan bir ayolni qamoqxonadan qutqarish va bo‘shatib yuborish aybi bilan ayblanib, O‘zbekiston Milliy Xavfsizlik Xizmati tomonidan hibsga olingan.

Tashkilotga ko‘ra, yaqinlari shundan so‘ng Mansur Soyipovning qattiq kaltaklangani, kaltak zarbidan to‘rtta qovurg‘asi singani, bir qovurg‘a suyagi o‘pkasini teshib o‘tishi oqibatida shahardagi 16-son kasalxonada jarrohlik amaliyoti o‘tkazib, yana xavfsizlik xizmatining qamoqqacha saqlab turish hibsxonasiga olib ketilganini aytishgan.

O‘z o‘rnida hisobotda ta‘kidlanishicha, Mansur Soyipovning bundan keyingi taqdiri borasida na-da himoyachisi va na-da yaqinlari hech narsa bilishmaydi.

Ekspert ishchi guruhining so‘nggi hisobotidan yana ayon bo‘lishicha, Muzaffar Ahmedov shu yilning 8 fevral kuni Buxoro viloyatidagi 64/25 sonli qamoqxonada qiynoqlar tufayli hayotdan ko‘z yumgan.

Tashkilotga ko‘ra, Muzaffar Ahmedovning oila a‘zolari uning jasadida shafqatsiz munosabat izlarini ko‘rishgan. Muzaffar Ahmedovning o‘limiga oid rasmiy hujjatda esa, uning boshqa mahbus tomonidan qiynalgani va buning oqibatida yurak xurujiga uchrab, qazo qilgani aytilgan.

Ahmedovning yaqinlari Ekspert ishchi guruhiga rasmiy izohlarga ishonmasliklari va uning o‘limi yuzasidan jinoiy ish ochilganmi, ochilgan bo‘lsa, natijalari qanday ekanidan bexabar ekanliklarini ham aytishgan.

Tashkilot hisobotida Muzaffar Ahmedovning dafn marosimi 9 fevral kuni, militsiya xodimlarining kuchli nazorati ostida Toshkent shahrining Shayxontahur tumanida, ota-onasining uyida bo‘lib o‘tgani ham keltirib o‘tiladi.

Biz Ekspert Ishchi guruhining rahbari Suhrob Ismoilov bilan bog‘lanib, eng avvalo hisobot tafsilotlari bilan qiziqdik:

Мултимедиа ўйнаш бу қурилмада дастакланмайди