'Liviya hukumati saylovlar va siyosiy islohotlar o‘tkazishga hozir'

Фото муаллифлик ҳуқуқи rebel libya

Liviya hukumati vakili Muso Ibrohimning aytishicha, rasmiy Tripoli saylovlar va siyosiy islohotlar o‘tkazishga hozirdir.

Lekin uning urg‘ulashicha, o‘z kelajaklarini liviyaliklarning o‘zlari hal etishlari lozim.

"Hech kim kelib, bizga o‘z rahbarimiz, tizimimiz yoki tuzumimizni o‘zgartirish borasida aql o‘rgatishga haqli emas," deb aytgan Muso Ibrohim.

Liviya hukumati vakiliga ko‘ra, mamlakati demokratiyani mustahkamlash, matbuot erkinligi va korruptsiyaga qarshi kurash masalasiga aloqador takliflarni muhokama etishga tayyor.

Muso Ibrohim, o‘z o‘rnida, faqat Liviyaning amaldagi rahbari Muammar Qaddofiygina mamlakatni demokratik o‘zgarishlar sari yetaklashi mumkinligini bayon qilgan:

1 ast: "Bizning rahbarimizning voz kechishi mumkin bo‘lgan rasmiy maqomi yo‘q. U Liviya xalqi uchun bir timsol kabi. Liviyani boshqarish masalasiga kelsak, bu endi boshqa mavzu. Ko‘plab liviyaliklar o‘zlariga Muammar Qaddofiy boshchilik qilishini istashadi. Chunki ular Muammar Qaddofiysiz mamlakatlarining Iroq, Somali yoki Afg‘onistonga aylanib qolishidan qo‘rqishadi," deb aytgan Muso Ibrohim.

O‘tgan tun esa, Liviya davlat televideniyesi Tripolidagi qarorgohidan "Jip"da chiqib ketayotgan Muammar Qaddofiyning olomonni olqishlayotgani kadrlarini olib ko‘rsatgan.

So‘nggi vaziyat

Liviya sharqida isyonkorlar boy bergan mavqe‘larini qayta qo‘lga kiritishga urinisharkan, janglar davom etmoqda.

Xabarlarga ko‘ra, Bregadagi neftni qayta ishlash majmuasi yaqinida joylashib olgan isyonkorlarga katta sondagi hukumat askarlari ham kelib qo‘shilishgan.

Ammo u yerda bo‘lgan muxbirlarimiz isyonkorlarning yomon qurollanishgani, shu bois Bregani olgan taqdirlarida ham, uzoq ushlab turolmasliklarini aytishadi.

Qurolli nizolardan ikki oy o‘tarkan, Liviyaning sohilbo‘yi hududlari ikki qismga ajralib qolgani, sharq isyonkorlar, g‘arb esa, hukumatparast kuchlar qo‘lida ekani aytiladi.

O‘tgan kuni Turkiyaning paromida Misrata shahridan olib chiqilgan yaradorlar u yerdagi Qaddofiy kuchlarining nihoyatda shafqatsiz ekanliklarini aytib berishgan.

Liviyaning boshqa shaharlaridan evakuatsiya etilganlar ham xuddi shunday manzarani chizishgandi.

Ular shahar ko‘chalarida o‘liklar cho‘zilib yotgani, kasalxonalar yaralanganlarga to‘lib ketganini aytishgan.

Liviya rahbarining o‘g‘li Sayf ul-Islom esa, BBCga bergan suhbatida otasi Londonga qochib ketgan mamlakat Tashqi ishlar vaziri Musa Kusani sotqin deb hisoblamasligini aytgan.

Unga ko‘ra, Musa Kusa "keksa va xasta" bo‘lgani uchun Britaniyaga davolanish uchun ketgan.

Ammo Londonga yetib kelgan chog‘ida janob Kusa Qaddofiy tuzumini xalqaro sahnada ortiq namoyon etish istagi yo‘qligini aytgandi.