Sayyohlarga muhtoj Misr yoki yosh misrliklarning eng yomon tushi nima?

Image caption Turizm Misr yalpi ichki mahsulotining 11 foizini qoplaydi

Fevralda Prezident Husni Muborakni lavozimidan siqib chiqargan uch haftalik namoyishlar ortidan Misrning turizm sohasi hali ham o‘ziga kela olgani yo‘q.

Sinay yarim orolida joylashgan Sharm al-Shayx ham bundan istisno emas.

Mehmonxonalar deyarli bo‘m-bo‘sh. Suvenirlar va soxta Xitoy mollariga liq to‘la do‘konlar huvillab qolgan.

Dengizu sahro bo‘ylab sayohat taklif qiluvchi yigitlar qo‘lbola do‘konchalarida qalamlari ketini chaynab o‘tirishibdi.

Son-sanoqsiz yemakxona va mayxonalar oldida turgan mezbon yigitlar quloqni kar qiladigan g‘arb musiqasi ostida sigaret ortidan sigaret chekishadi.

Onda-sonda paydo bo‘lgan sayyoh esa bu yigitlarning beqiyos e‘tibori va savollaridan gangirab qoladi.

Men imkonqadar sayyohligimni yashirib, maxalliy xalqqa uyg‘unlashishga uringanimga qaramay, o‘tkir ko‘zli mezbonlar baribir sirimni ochib, dunyoning turli tillarida menga murojaat qila boshlaydilar.

Suvenir, atir-upa yo soxta Xitoy mollaridan bosh tortishim ortidan, do‘kondorlar menga hashish, marixuana, kokain yoki viagra taklif qilishadi.

Haddan oshiq diqqat-e‘tibordan qochib mehmonxonamga qaytar ekanman, mehmonxona xodimi Muhammad shahardagi vaziyatni izohlashga urinadi.

"Turistlar kelmay qo‘yishgandi, endi-endi paydo bo‘la boshlashdi. Savdo bo‘lmaganiga ko‘p bolalarni ishdan bo‘shatib yuborishdi, shunga hamma hozir mijozga o‘ch... Lekin sayyoh ko‘rinishi bilanoq unga yopishib olish turizm uchun yaxshi narsa emas", - deydi Muhammad hikoyalarimdan uyalib.

Image caption Mehmonxonalar mijozlarga muhtoj

22 yoshli Muhammad o‘tgan yil jurnalistika diplomi bilan universitetni tamomlagan, lekin ish yo‘qligidan mehmonxonada ishlashga majbur.

"Men har kuni, haftaning yetti kuni, kuniga 12 soatdan ishlayman. Boshqa ish topay desam, ish yo‘q. Biror ish chiqib qolsa, menenjer suhbatga borishimga yo‘l qo‘ymaydi, "ketsang, hujjatlaringni olib ket" deb dag‘dag‘a qiladi. Iloj yo‘qligidan shu yerda ishlayapman", - deydi Muhammad.

Muhammad o‘zini omadli hisoblashi mumkin. Misrda soni tobora oshib borayotgan yoshlar ishsizligi darajasi hozirda 25 foizni tashkil etadi.

Bu ko‘rsatkich, mahalliy tahlilchilarga ko‘ra, yaqin kelajakda o‘sishda davom etadi.

Misrning o‘zidagi Arab davlatlari bo‘ylab avj olgan g‘alayonlar muhojirlikda non topayotgan yuz minglab misrliklarning vatanga qaytishlariga sabab bo‘layapti.

BMTning qochqinlar bo‘yicha agentligi aytishicha, Liviyadagi hukumat va isyonchilar o‘rtasida davom etayotgan urush 70 mingga yaqin misrlikni uyiga qaytishga majburlagan.

Biroq, Misr Ishchilar Ittifoqi bu muhojirlar vatanda ish topishi o‘ta qiyin bo‘lishini bashorat qilmoqda.

Muhammadning oilasi ham bu achchiq voqe‘likka bevosita guvoh.

"Mening akam Liviyaning Misrata shahriga ishlashga ketgandi, 20 kundan beri qo‘ng‘iroq qilmayapti, unga nima bo‘lganini ham bilmaymiz. Qattiq bombardimon qilishayapti Misratani... Husni Muborak bizni shu kuyga soldi. Misrliklar tilanchiga aylandi, qaysi davlatga bormang, qora ishchiga aylangan misrlikni ko‘rasiz", - deydi u.

Hushchaqchaq farrosh Odil suhbatimizga qo‘shiladi.

Jussasi kichkinagina, qoramag‘iz Odil uchun ishidan ayrilish eng qo‘rqinchli narsa.

"O‘tgan oy meni menenjer yoniga chaqirib, "senga ruxsat, hozir ish yo‘q, sayyohlar kelmayapti, ish bo‘lganda chaqiramiz" deb bo‘shatib yubordi. To‘g‘ri Mehnat Vazirligiga shikoyat qilib bordim. Ular dodimni tinglab, menenjerimga qo‘ng‘iroq qilishdi va ishimni qaytarib berishini talab qilishdi. Menenjer qayta ishga oldi, lekin endi kun bermayapti, sal qo‘lim bo‘shashi bilan topib, meni qiynaydi", - deydi Odil atrofiga alanglab.

Muhammad kuladi. "Muborakni ag‘dardik. Kerak bo‘lsa, bu rahbarni ham ag‘daramiz".