AQSh: Pokistonning jangarilarga qarshi aniq strategiyasi yo‘q

Фото муаллифлик ҳуқуқи ap
Image caption AQSh bahor oylarida Toliblar bilan shiddatli janglar bo‘lib o‘tishi ehtimolidan ogohlantirmoqda.

Oq Uy tomonidan chiqarilgan yangi hisobotda aytilishicha, Pokiston o‘z tuprog‘ida jangarilikka chek qo‘yishning aniq rejasiga ega emas.

Hisobotda shuningdek, oxirgi oylarda Pokistondagi Toliblar oddiy aholini ham nishonga ola boshlaganlar va bahor oylarida shiddatli janglar ro‘y berishini kutish mumkin.

AQSh va G‘arb davlatlari Pokistondagi doiralarni "Al Qoida" va Toliblarni qo‘llovlari uchun tanqid ostiga olib kelganlar.

Yanvar oyida AQShning yangi strategik hujjatida Pokiston jangarilikni yengishi uchun ko‘proq harakat qilishi kerakligi aytilgandi.

Pokiston isyonchilarga qarshi kurashda sustkashlik qilayotgani haqidagi tanqidlarni rad etib kelgan.

Oq Uy tomonidan chiqarilgan hisobotda aytilishicha, Pokiston Xavfsizlik kuchlari tomonidan berilayotgan "ulkan" qurbonlar va AQSh bilan harbiy hamkorlikning oxirgi uch oy mobaynida kengayganiga qaramay, jangarilarga qarshi kurashda deyarli ilgari siljishga erishilmayapti.

"Pokistondagi hududlarni jangarilardan tozalash amaliyotlari ketidan bu mintaqalarni ushlab qolish va yerda o‘rnashish rejalari umuaman yo‘q. Shuning uchun 147 ming askar safarbar qilinganiga qaramay jangarilarni yengishning samarali rejasi ishlab chiqilmagan", deyiladi hisobotda.

Hisobotda Afg‘on-Pokiston chegara hududlaridan isyonchilarni siqib chiqarish uchun ikki tomon o‘rtasida kengroq hamkorlik yo‘lga qo‘yilishi kerakligi aytiladi.Oxirgi oylarda Afg‘onistonda xudkushlik hujumlari sur‘ati oshganligi esa bu yilgi "janglar" mavsumi boshlanayotgani belgisi sifatida talqin etilgan.

Toliblar "hukumat va fuqaro inshootlari kabi yengilroq nishonlar"ga e‘tibor qarata boshlaganlari ham taxmin qilingan.

Pokiston hududidagi jangarilar saflarida O‘zbekiston Islomiy Harakatining bir necha yuzga qadar a‘zolari ham faoliyat olib borishlari aytib kelinadi.