OXHTga a‘zo qator davlatlar ham 'Qur‘on'ning yoqilishini qoralashdi

Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining Venada bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘inida Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston va Turkiya hay‘atlari qo‘shma bayonot bilan chiqib, Amerikada "Qur‘on"ning yoqilishi hodisasini keskin qoralashgan.

"Ushbu qo‘shma bayonotni qabul qilgan Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a‘zo davlatlar amerikalik ruhoniy tomonidan shu yilning 20 mart kuni "Qur‘on"ning yoqilishi va buning ortidan Afg‘onistonda Birlashgan Millatlar xodimlarining o‘limiga olib kelgan zo‘ravonliklarni keskin qoralaydi," deyiladi qo‘shma bayonotda.

"Qur‘on"ning yoqilishiga norozilik bildirib, Afg‘onistonning qator shaharlarida bo‘lib o‘tgan namoyishlar chog‘ida kelib chiqqan to‘qnashuvlarda kamida 22 kishi qurbon bo‘lgandi. Ko‘plab insonlarga tan jarohati yetgandi.

Kecha qabul qilingan qo‘shma bayonotga imzo chekkan davlatlar, "bu amal musulmonlarga nisbatan toqatsizlik va diskriminatsiya ekani, turli dinlar va jamoalar orasidagi tinch aloqalarga raxna soluvchi sharmandali va mas‘uliyatsiz amal ekani, butun dunyo bo‘ylab musulmonlarning his-tuyg‘ularini haqorat etuvchi ekstremizmning eng yomon ko‘rinishi" ekanini aytishgan.

Avvalroq Islom Konferentsiyasi Tashkiloti ham Tojikiston raisligida ikki amerikalik ruhoniy Ueyn Sapp va Terri Joneslarning Florida shtatida bir necha soatlik soxta mahkama ortidan "Qur‘on"ga o‘t qo‘yishlari hodisasini qoralash uchun favqulodda yig‘in chaqirgandi.

5 aprel kuni esa, Islom Konferentsiyasi Tashkiloti elchilari Nьyu Yorkda Birlashgan Millatlar Bosh kotibi Pan Gi Mun bilan ham uchrashib, ushbu masalani muhokama etishgandi.

Afg‘onistonda zo‘ravon namoyishlarga sabab bo‘lishi ortidan amerikalik ikki ruhoniyning ishi AQSh Prezidenti Barak Obama, Davlat kotibasi Hillari Klinton, eng yuqori martabali harbiy qo‘mondonlari, Birlashgan Millatlar Bosh kotibi va Xavfsizlik Kengashi tomonidan keskin qoralangandi.

Ammo, shunda ham, ruhoniy Terri Jones Afg‘onistonda yuz bergan g‘alayonlar va insoniy talofatlarga o‘zi aybdor emasligini aytadi.