NATO Liviyadagi "do‘stona hujum" uchun uzr so‘rashdan bosh tortdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption NATO tankda isyonchilar harakat qilayotganini bilmasdan hujum qilgan

NATO Liviya sharqida harakat etayotgan isyonchilar tankiga qarshi qilingan tasodifiy hujumi uchun kechirim so‘rashdan bosh tortgan. Mazkur "do‘stona hujum"da kamida to‘rt isyonchi nobud bo‘lgan.

Admiral Xarding payshanba kuni sodir bo‘lgan bu baxtsiz hodisagacha NATO isyonchilar tanklardan foydalana boshlaganidan bexabar bo‘lganini aytgan.

"Bizning vazifamiz oddiy aholini himoya qilish", - dedi u matbuot anjumanida.

Isyonchi qo‘shinlar Liviya sharqidagi Ajdabiya shahrida o‘z tanklariga qilingan havo hujumiga g‘azab bilan munosabat bildirganlar.

Biroq, isyonchilar qo‘mondonlari mazkur hodisa xalqaro ittifoqchi kuchlar bilan aloqalarga shikast yetkazmasligini aytishdi.

Neapol shahrida gapirgan Admiral Xarding Ajdabiya va Brega shaharlari orasidagi vaziyat juda noaniq ekani, avtomobillar ikki shahar o‘rtasida to‘xtamay harakat qilayotganini aytgan.

Uning aytishicha, hukumat tanklari payshanba kuni Misrata shahridagi oddiy aholini hujumga olgan. Ayni damda, NATO isyonchilar ham shunday tanklardan foydalana boshlaganlarini bilmagan.

Admiralning aytishicha, NATOning asosiy vazifasi oddiy aholini himoya qilish ekan, "u biror tarafning ishonchini qozonishni o‘ziga vazifa qilib olmagan".

Isyonchilar qo‘mondoni General Abdulfattoh Yunus avvalroq NATOni "do‘stona hujum"ni izohlashga undagandi.

U, shuningdek, bu kabi xatolar qayta takrorlanmasligi kerakligini aytdi va kelajakda hamkorlik yaxshiroq yo‘lga qo‘yilishiga chaqirdi.