Misrda Husni Muborakni hibsga olishga buyruq berildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Husni Muborak Misrni 30 yil boshqardi

Misr Bosh prokurori sobiq prezident Husni Muborakni hibsga olish borasida buyruq bergan. Endi Muborak janoblari korruptsiya va xizmat lavozimini suiste‘mol qilganlik ayblovlari bilan tergov qilinadi.

Avvalroq, 82 yoshli Muborak janoblari yurak xuruji ortidan shifoxonaga yotqizilgani xabar qilingandi. Misr davlat televizioniga ko‘ra, endi u 15 kun hibsda saqlanadi. BBC muxbirining aytishicha, Husni Muborak hibs muddatini Sharm ash-Shayxdagi xalqaro shifoxonada o‘taydi.

Politsiyaning bildirishicha, Husni Muborakning o‘g‘illari Ala va Gamal korruptsiya va zo‘ravonlik ayblovlari bilan allaqachon qo‘lga olingan.

Janob Muborak o‘zi boshqaruviga qarshi ommaviy noroziliklar ortidan o‘tgan fevral oyida prezidentlikdan iste‘fo bergandi.

Bungacha uning ikkinchi o‘g‘li Gamal keng miqyosda siyosiy voris sifatida ko‘rib kelingan.

Yurak xuruji

Davlat televideniyesi xabar qilishicha, seshanba kuni Husni Muborak yurak xurujidan aziyat chekkan. Ammo, boshqa xabarlarga ko‘ra, u tergovni davom ettirishga qodir bo‘lgan.

Janob Muborak qudratdan ketganidan beri Qizil dengiz sohilidagi Sharm ash-Shayxdagi dala hovlisida yashayotgan va o‘zini omma nazaridan uzoqda saqlab kelayotgandi.

O‘shandan beri o‘n minglab namoyishchilar har juma kuni Qohiraning Tahrir maydonida to‘planib, uni mahkamaga tortishni talab qilishdi.

Husni Muborak tuzumiga qarshi ommaviy noroziliklarni bostirish uchun politsiya olamonga qarata o‘q ocharkan, 800ga yaqin inson o‘ldirilgani aytiladi.

Janob Muborakning 30 yillik boshqaruvi davomida korruptsiya va xizmat vazifasini suiiste‘mol qilish hollari keng tarqalgani da‘vo qilinadi.

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Gamal Muborak otasining iqtidorda bo‘lgan Xalq-Demokratik partiyasida katta mavqe‘ni egallagandi

O‘g‘illar hibsga olindi

Seshanba kuni kechasi 2 mingga yaqin olamon shifoxona tashqarisida to‘planib, Muborak janoblarining o‘g‘illarini hibsga olishni talab qilishgan.

Xabar qilinishicha, pardalari tushirilgan politsiya mashinasi aka-ukalarni savol-javob uchun olib ketarkan, odamlar suv idishlari, tosh va oyoq kiyimlarini mashina ortidan uloqtirishgan. Hozir Ala va Gamal Muborak Qohira tashqarisidagi qamoqxonaga jo‘natilgan.

O‘zi bankir bo‘lgan Gamal Muborak otasining iqtidorda bo‘lgan Xalq-Demokratik partiyasida katta mavqe‘ni egallagandi. Uning atrofidagilar o‘ta badavlat odamlar bo‘lishgan va ular ham iqtidordagi partiya va hukumatda yuqori lavozimlarni egallashgan.

Avvalroq, Husni Muborak va oilasiga mamlakatdan chiqib ketish ta‘qiqlab qo‘yilgandi. Shu bilan birga Muborak oilasining bank hisoblari ham muzlatib qo‘yilgan.

Ikki oylik jimlikdan so‘ng yakshanba kuni e‘lon qilingan audiomurojaatida Muborak janoblari o‘zi va o‘g‘illarining obro‘siga putur yetgani va u nomlarini oqlashga harakat qilishini bildirgandi.

Seshanba kuni Misr askarlari va politsiyasi Qohiradagi Tahrir maydoniga borib, fuqaroviy boshqaruv va sobiq rasmiylar ustidan tezroq jinoiy ish ochishni talab qilayotgan namoyishchilarni tarqatib yuborgan.

Husni Muborak vazifasidan ketganidan beri Misrni harbiy kengash boshqarib kelmoqda.