'Qaddofiyni ag‘darish uchun BMTning Liviya bo‘yicha yangi rezolyutsiyasi zarur'

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

NATO Bosh kotibi Anders Fog Rasmussen aytishicha, Muammao Qaddofiy qudratda qolar ekan, Liviya tinch aholisiga tahdid yo‘qolishini tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Berlinda ikki kun davomida NATOga a‘zo mamlakatlar tashqi ishlar vazirlari Liviyadagi vaziyatni muhokama etganlar.

Sammitda ittifoqchi mamlakatlarni Liviyadagi havo hujumlariga ko‘proq harbiy uchoqlarini jalb etishga ko‘ndirishning uddasidan chiqilmagan.

Bosh kotib Anders fog Rasmussen Liviya rahbari Muaamar Qaddofiy tinch aholiga xavf solayotganini aytgan bo‘lsa-da, NATO BMTning qurolsiz liviyaliklarni muhofaza qilish mandatiga sodiq qolishini bildirgan.

Frantsiya Mudofaa vaziri Jerard Longening aytishicha, Liviya masalasi bo‘yicha Birlashgan Millatlar tashkiloti Xavfsizlik Kengashining yangi rezolyutsiyasi talab etiladi.

Frantsiya radiosiga gapirgan Jerard Longe aytishicha, BMT Xavfsizlik kengashining Liviya bo‘yicha qabul qilgan hozirgi rezolyutsiyasi mamlakat ustida parvoz taqiqlangan hudud barpo etish va tinch aholini himoya qilishni nazarda tutadi, biroq bunda rejimni o‘zgartirish ko‘zda tutilmagan.

Frantsiya mudofaa vaziri BMTning yangi rezolyutsiyasi tez orada qabul qilinishiga umid bildirgan.

Berlindagi ikkinchi kunlik sammit NATO a‘zolarining yangi majburiyatlarni o‘z zimmalariga olmaganlari bilan yakunlangan.

Berlin sammiti besamar yakunlandimi?

Liviyadagi amaliyotlarga faol aralashishni istamayotgan boshqa NATO a‘zolarini yanada faolroq bo‘lishga da‘vat etib, AQSh, Britaniya va Frantsiya rahbarlari ochiq xat e‘lon qildilar.

Uch rahbar murojaati AQSh, Britaniya va Frantsiyada nashr etiladigan ro‘znomalarda bosilgan.

Bu murojaatda Muammar Qadofiy hokimiyat tepasida ekan, Liviyada tinchlikni o‘rnatib bo‘lmaydi, deyiladi.

Qaddofiyni hokimiyatda qoldirish Liviya xalqiga xiyonat qilish, deyiladi ochiq xatda va NATO va sheriklari Liviyadagi tinch aholini himoya qilish maqsadidagi amaliyotlarini bo‘shashtirmasliklari va Liviya hukumatiga bosimni kamaytirmaslik kerak, deyiladi.

NATO sammitining birinchi kunida ham Britaniya va Frantsiya boshqa a‘zolarni Liviyadagi harbiy amaliyotlarda faol ishtirok etishga chaqirganlar.

Qaddofiyga sodiq kuchlarni nishonga olish uchun qiruvchi uchoqlar yetishmayotgani aytilgan.

Sammitning birinchi kunida NATO Bosh kotibi Anders fog‘ Rasmussen aytishicha, Qaddofiy kuchlari havo hujumlarining dastlabki haftalaridan tegishli xulosa chiqarib, kiyimlarini o‘zgartirganlar va tinch fuqarolar maskanlarida yashirinayaptilar, shuning uchun ularni nishonga olish uchun yanada aniq optik imkoniyatlarga ega uchoqlar zarur.

Ammo NATO bosh kotibi bu so‘roviga a‘zo mamlakatlardan javob ololmaganini aytdi.

Harbiy amaliyotlarda NATOga a‘zo 28 mamlakatning atigi oltitasi ishtirok etayapti, NATO a‘zolari o‘rtasidagi kelishmovchilik Liviyadagi isyonkorlar muvaffaqiyatga erishmayotgani uchun ham kuchayayotgani kuzatilgan.

Olmoniya va Turkiya boshidanoq Liviyadagi harbiy amaliyotlarga qarshiliklarini bildirganlar, Italiya va Ispaniya o‘zlarining hududlaridan turib hujumlarni uyushtirishga ruxsat berish bilan cheklanganlar.

NATO sammiti birinchi kunida Italiya Liviya isyonkorlarini G‘arb qurol-yarog‘ bilan ta‘minlashi kerak, degan taklifni ilgari surgan, ammo bu borada ham bir qarorga kelinmagan.

BBC muxbiri Misrataga kirishga muvaffaq bo‘ldi

Payshanba kuni Qaddofiyga sodiq kuchlar bilan isyonkorlar o‘rtasidagi janglar ham, NATO uchoqlarining bombardimonlari ham davom etgan.

Isyonkorlar so‘zlariga ko‘ra, Qaddofiy kuchlari otgan raketalar Misrata shahrida 23 kishini o‘ldirgan, biroq bu xabarni mustaqil manbalardan tasdiqlash imkoni bo‘lmagan.

Liviyaning O‘rtayer dengizi sohilidagi Misrata shahrini Qaddofiy qo‘shinlari ishg‘olda ushlab turipti, shaharga dengiz tarafdan BBC muxbirlari kirishga muvaffaq bo‘lganlar.

Muxbirlar Misrata shifxonasi yaradorlarga to‘lib ketganini, yaradorlarning aksari raketalar, bombalar portlashidan yaralanganini ko‘rganlar, shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, jarohatlanganlarning 80 foizi tinch fuqarolardir.

Shifoxonada dori-darmon yetishmayapti, ko‘p odamlar bandargohga talpinmoqda, Qaddofiy kuchlari bandargohni tashqi dunyodan ham uzib qo‘yadi, degan qo‘rquvlar bor, deydi BBC muxbiri.