'Fridom Hauz': Dunyoda internet erkinligiga tahdidlar kuchaymoqda

"Fridom Hauz" tashkiloti hisobotiga ko‘ra, dunyo bo‘ylab internetdan foydalanuvchilar soni ortgan sari internet erkinligiga cheklovlar kuchaymoqda. Tashkilot yangi hisobotida 37 mamlakatdagi vaziyat tahlil qilinadi.

470 sahifadan iborat hisobotni yozishda, avvalo, dunyoning turli mamlakatlarda BMT homiyligida olib borilgan so‘rovlar natijalari, keyin esa, boshqa manba‘lar va 2009 yilgi hujjatlarga tayanilgan.

Hisobotda Estoniya internetdan foydalanish bo‘yicha eng erkin mamlakat, deya xulosa qilingan. Qo‘shma Shtatlar bu masalada ikkinchi o‘rinni egallagan. Eron vaziyat eng abgor mamlakat sifatida baholangan va ro‘yxat so‘nggida qayd etilgan.

Yana 11 mamlakat - Belarus, Birma, Xitoy, Kuba, Saudiya Arabistoni va Tayland kabilar internet erkin bo‘lmagan davlatlar sifatida tilga olinadi. Hisobotda aytilishicha, 2009 yil tadqiq qilingan 15 mamlakatdan kamida 9 tasida vaziyat keyingi ikki yilda yomonlashgan.

Ro‘yxatga yangi qo‘shilgan mamlakatlarning qariyb yarmida sharoitlar salbiy baholanadi. Bloggerlarga bosimlar, tsenzuraning kuchayishi va kiber hujumlar ko‘p hollarda siyosiy bo‘hronlar, jumladan, bahsli saylovlar bilan bir vaqtda kuzatiladi.

"Fridom Hauz" qator muhim davlatlarda kelasi 12 oy ichida vaziyat yanada yomonlashishi mumkin, deya xulosa qiladi. Bular: Iordaniya, Rossiya, Tayland, Venezuyela va Zimbabve kabi mamlakatlar.

Facebook, YouTube va Twitter kabi tarmoqlardan foydalanish kengayib borarkan, ko‘plab hukumatlar o‘zlarining tsenzura strategiyalari bir qismi o‘laroq ularni nishonga olmoqda, deydi "Fridom Hauz".

Tadqiq qilingan 37 davlatdan 12tasi rasmiylari ushbu xizmatlar va yo ularga o‘xshash saytlarga muntazam va yo vaqtinchalik taqiqlar joriy qilgan.

Bloggerlar, onlayn jurnalistlar va inson huquqlari faollari, qolaversa, forumlarda ishtirok etgan oddiy odamlar ham borgan sari ko‘proq nishonga olinmoqda. Ularga hibs va yo ozodlikdan mahrum bo‘lish tahdid soladi.

37 davlatdan 23tasida, jumladan, qator demokratik mamlakatlarda onlayn muloqotlari tufayli kamida bir blogger va yo internetdan foydalanuvchi hibsga olingan.

Hukumatlar va ularning tarafdorlari onlayn tarmoqlari faoliyatini nishonga olish uchun texnik usullardan foydalanishadi. Kiber hujum kamida 12 davlatda kuzatilgan.

37 davlatdan 15tasida siyosiy mavzudagi xabarlar chop etiladigan vebsahifalarga to‘siqlar qo‘yish keng tus olgan.

Hukumat tarafidan xalqaro internet tarmoqlariga bog‘lanishning nazorat ostiga olinishi onlayn orqali erkin fikr bildirish uchun jiddiy tahdiddir. Nazorat, ayniqsa, siyosiy bo‘hronlar payti ko‘p kuzatiladi.

Hisobotga ko‘ra, Xitoy hukumati yaqin yillar ichida internetga cheklovlarni kuchaytirgan.

Facebook and Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarga doimiy to‘siq qo‘yilarkan, mamlakatning o‘zida ularga o‘xshash xizmatlardan foydalanish kuchli tsenzuraga qaramay ommalashib ketgan.

"Fridom Hauz" taqiqotlari jarayonida g‘arbiy Shinjon mintaqasida bir necha oy internetdan foydalanish taqiqlab qo‘yilgan bo‘lgan va 2010 yil interentga bog‘liq sabablar bilan kamida 70 kishi hibs qilingan.

Eronda esa, 2009 yilgi bahsli saylovlar ortidan yuz bergan norozilik chiqishlaridan beri internetdan foydalanishga qarshi qaqshatqich kampaniya olib boriladi. Borgan sari tahdid ostida qolgan, hibs qilingan, qiynoqqa solingan bloggerlar soni ortib bormoqda. Kamida bir kishi qamoqxonada hayotdan ko‘z yumgan.

Ayni paytda dunyoda "internet dushmanlari" ro‘yxati oldingi qatoridan o‘rin olgan O‘zbekiston esa, Fridom Hayz hisobotida tilga olinmagan.