Suriya "qurolli g‘alayon"ga toqat qilinmasligini aytmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP
Image caption Namoyishchilar tinch holda norozilik bildirishayotganini aytishmoqda

Suriya hukumati mamlakatdagi uchinchi eng yirik shahar bo‘lmish Homs va shimoldagi Baniyas shahridagi tartibsizliklar qurolli isyon ekanini aytgan.

Bu ogohlantirish dushanba kuni minglab namoyishchilar Homsning markazini egallab olib prezident ag‘darilmaguncha ketmasliklarini aytishlari ortidan yangradi.

Guvohlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari namoyishchilarga qarata o‘t ochishgan. Ba‘zi xabarlarga ko‘ra, maydon namoyishchilardan tozalangan.

Inson haqlari faollari bir necha haftadirki davom etayotgan g‘alayonlarda 200 suriyalik halok bo‘lganini aytishmoqda.

Shanba kuni Prezident Bashar al Assad deyarli yarim asrdan beri amalda bo‘lgan favqulodda qonunlarni kelgusi hafta bekor qilishini e‘lon etdi. Hukumat namoyishchilar talablariga binoan siyosiy mahbuslarni ozod eta boshlagan.

Biroq, qo‘shni Livan poytaxti Beyrutdan xabar qilgan BBC muxbiri Kim G‘attasning aytishicha, Suriyada bu kabi misli ko‘rilmagan namoyish hech so‘nadigan ko‘rinmaydi.

Dushanba kuni Suriya Ichki Ishlar Vazirligi chiqargan bayonotda shunday deyiladi: "Bo‘lib o‘tgan voqealardan ayon bo‘ldiki, bu ayniqsa Homs va Baniyasdagi Salafiy tashkilotlarga tegishli qurolli guruhlarning isyoni."

Bayonot "ularning terrorchi amallariga toqat qilinmaydi" deydi.

Salafiylik sunniy Islomning qattiqqo‘l oqimi bo‘lib, ko‘p arab hukumatlari uni al Qoida kabi jangari guruhlarga bog‘laydi.

Muxbirimizning aytishicha, hukumatlar terrorchilarga qarshi kurash bahonasi bilan har qanday norozilikni o‘chirishga urinishadi.

Dushanba kuni Homsning Soat maydoniga kamida besh ming odam yig‘ildi. Ular dam olish kunlarida xavfsizlik kuchlari o‘qlaridan nobud bo‘lgan 12 nafar namoyishchining ommaviy dafn marosimlarida ishtirok etishdi.

"Maydon tozalangan" Maydon atrofida nazorat nuqtalari barpo qilingan. Maqsad maydonga kelayotgan odamlar qurolsiz oddiy fuqarolar ekanini ta‘minlash edi. Namoyishchilar o‘zlari bilan oziq-ovqat olib kelishgan.

Bir namoyishchining aytishicha, Soat maydonining nomi Misrda Prezident Husni Muborakni ag‘dargan g‘alayon markazi bo‘lgan Qohiradagi Tahrir Maydoniga o‘zgartirilgan.

Guvohlar xavfsizlik kuchlari ularga avvalo ovoz kuchaytirgichlardan maydonni tashlab ketishni aytgani, so‘ngra ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va o‘qlar ota boshlaganini bildirishdi.

Umar ismli bir namoyishchi seshanba tongida otishmalar ovozi ostida BBCning arab xizmatiga gapirgan.

U bir odam o‘ldirilganiga guvoh bo‘lgani, va o‘qlar qandaydir qurolli guruhlar emas, balki xavfsizlik kuchlari tomonidan otilayotganiga ishonchi komil ekanini aytdi.

"Men Xolid bin Volid masjidiga yaqin turibman. Otishmaga quloq soling, eshitayapsizmi? O‘qlar ustimizga yomg‘irdek yog‘ayapti. Xavfsizlik kuchlari bu... Quloq soling, qayerdan kelayapti bu o‘qlar? Bu kabi to‘xtamsiz otishma bezorilardan chiqmaydi. Xavfsizlik kuchlari Soat maydonida qayta yig‘ilishdi va yarim soat avval namoyishchilarga qarshi yura boshlashdi", - deydi u.

Poytaxt Damashqda faoliyat yurituvchi bir huquqshunos AFP xabar agentligiga "Namoyish kuch bilan tarqatildi. Qattiq otishma bo‘lib o‘tdi", deb aytgan.

Suriyaning rasmiy Sana xabar agentligi ham Homsdagi voqealar haqida o‘z versiyasini tarqatmoqda.

U yakshanba kuni "qurolli jinoyatchi banditlar" uch armiya zobitini, jumladan bir general va uning ikki o‘g‘lini o‘ldirib, ularning jasadlarini bo‘lib-bo‘lib tashlaganini aytdi.

Shimoldagi Baniyas shahri ham yakashanba kuni aksilhukumat namoyishlar sahnasiga aylangan.

Janob Assadning Baas partiyasiga qarshi namoyishlar mart o‘rtasida janubdagi Dara shahrida boshlanishi ortidan boshqa shaharlarga ham tarqalgan.

Suriyadagi g‘alayonlar prezident o‘z otasi Hofiz al Assaddan hukmronlikni 11 yil avval meros qilib olishidan beri yuzaga kelgan eng yirik notinchlik bo‘lmoqda.