Xitoyda bedarak ketgan inson huquqlari himoyachisi ozod etildi

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Janob Jiang fevral oyida g‘oyib bo‘lgan o‘nlab himoyachilardan biri

Xitoyda politsiyaning o‘zgacha fikrlovchilarga qarshi kampaniyasi chog‘ida hibsga olingan taniqli inson huquqlari himoyachisi ozod etilgan.

Xitoy hukumatining tanqidchisi bo‘lgan Jiang Tianyongning ayoli BBCga uning ikki oylik hibsdan so‘ng Pekindagi uyiga qaytganini aytgan.

Uning ayblarga yuz tutishi yoki uy qamog‘ida ekani ma‘lum emas.

Avvalroq AQSh xitoylik inson huquqlari himoyachisining masalasini ko‘targan va advokatlar hamda faollarni "noqonuniy" o‘g‘irlab ketishlar va hibsda ushlab turishlarni to‘xtatishga chaqirgandi.

Janob Jiang 19 fevralda Pekin chetidagi ukasining uyiga tashrif buyurgan payt g‘oyib bo‘lgan.

"Turmush o‘rtog‘im qaytib keldi va men men bundan juda xursandman. Ammo bu haqda gapirishga qulay fursat emas", - degan uning ayoli BBC bilan suhbatda.

'Qonun ustuvorligi' Inson huquqlari guruhlariga ko‘ra, shu yil ferval o‘rtalaridan buyon bir necha ko‘zga ko‘ringan himoyachilar bedarak yo‘qolgan.

Ulardan ba‘zilarining hozirda harakatlanishi cheklangan, boshqalarining taqdiri esa hanuz noma‘lum.

Xitoy Inson Huquqlari Himoyachilari tashkilotiga ko‘ra, o‘nlab faollar hibsga olingan yoki uy qamog‘ida saqlanmoqda.

Ular orasida Xitoy Kommunistik Partiyasining ashaddiy tanqidchisi bo‘lgan Ay Veyvey ham bor.

U "iqtisodiy jinoyatlar"da gumon qilinmoqda.

Xalqaro hamjamiyat Ay Veyveyning hibsga olinishini qoralagan.

Shu oy boshida Xitoy Tashqi ishlar vazirligi voizi Xong Ley janob Ayning hibsga olinganini tasdiqlagan.

"Xitoy qonun ustuvorligiga asoslangan davlat va qonun asosida ish ko‘radi. Umid qilamizki, boshqa davlatlar Xitoyning qarorini hurmat qilishadi. Buning inson huquqlari yoki fikr erkinligiga hech qanday aloqasi yo‘q", -degan Xitoy mulozimi.

Inson huquqlari faollariga ko‘ra, Arab dunyosidagi inqiloblardan xavotirga tushgan Xitoy hukumati ko‘plab faollarni hibsga olmoqda.

Politsiya Xitoyda Yaqin Sharq usulidagi inqilobga chaqirgan bloggerlarga ta‘qibni kuchaytirgan.