Wikileaks: 'Guantanamoda begunoh mahbuslar ushlab turilgan'

Фото муаллифлик ҳуқуқи Getty Images

Wikileaks veb sahifasi qo‘lga kiritgan maxfiy hujjatlardan ma‘lum bo‘lishicha, AQSh Guantanamoda ushlab turilgan mahbuslarning ko‘pchiligi begunoh yoki unchalik xavfli emas, deb ishongan.

AQSh va Ovro‘po ro‘znomalarida e‘lon qilingan hujjatlar hozirga qadar Guantanamoda saqlangan 780 kishiga tavsifnomalarni o‘z ichiga oladi.

Ulardan anglashilishicha, 220 nafar mahbus "xavfli terorchi" deb ko‘rilgan.

Ammo kamida 150 kishi begunoh afg‘on va pokistonlik haydovchilar va dehqonlar bo‘lib, Guantanamoga tasodifan tushib qolishgan.

Ularni boshqa odam deb o‘ylashgan yoki noto‘g‘ri vaqtda noto‘g‘ri joyda bo‘lib qolganlar.

Shundan so‘ng ular to harbiy rahbariyat nima qilish haqida qaror bergunicha yillar davomida Guantanamoda qolishgan.

Mahbuslarning huquqlarini himoya qilib kelgan Londondagi "Reprieve" inson huquqlari tashkiloti direktori Klayv Smitning aytishicha, hujjatlar Qo‘shma Shtatlar mahbuslarning terrorchi ekanini aniqlashda shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilganini ko‘rsatadi.

"Men bu hujjatlarning ko‘pchiligi bilan xali maxfiyligidayoq tanishganman. Amerika ularning hammasini zo‘ravon jinoyatchilar, deb kelgan. Ammo bu isbotlangani yo‘q. Va men o‘ylaymanki, biz bu terrorga qarshi urushda bironta odamning Amerika aytayotgan odam ekaniga ishonishdan oldin juda, juda ehtiyot bo‘lishimiz kerak", - deydi mahbuslar himoyachisi.

Oshkor etilgan hujjatlarda yana 380 nafar mahbus josuslik xizmatlari uchun unchalik qiziq bo‘lmagan qo‘yi bo‘g‘indagi jangarilar, deb tasvirlanadi.

Hozirda Guantanamoda 180 dan ortiq mahbus saqlanmoqda.

'Al-Qoidaning atom bombasi'

Hujjatlarda shuningdek, tergov jarayonida oshkor bo‘lgani aytilgan AQSh va Ovro‘podagi nishonlarga qarshi hujum rejalari tafsilotlari ham berilgan.

Hujjatlardan birida Al-Qoida Ovro‘poda yashirib qo‘yilgan yadroviy qurolga ega ekani, Usoma Bin Lodin qo‘lga tushgani taqdirda uni portlatib yuborish rejalangani da‘vo qilingan.

Ammo hujjatlarda Guantanamodagi tergov usuli va mahbuslarga qilingan muomala haqida unchalik ko‘p tafsilot berilmaydi.

Bi-bi-sining Vashingtondagi muxbiri Jonni Daymondga ko‘ra, bu kabi da‘volarning ko‘pchiligi avval ham yangragan, ammo hech qachon AQSh rasmiy manba‘sidan emas.

Pentagon hujjatlarning matbuotga sizdirilishini qoralagan va "taassuf" bildirgan.

AQSh mudofaa vazirligi hujjatlar eskirgani va ular borasida keyinroq qabul qilingan xulosalarning boshqacha bo‘lganini aytgan.

Guantanamo hibsxonasi 2001 yilda Bush ma‘muriyati ostida tashkil etilgan edi.

Prezident Obama 2009 yilda bir yil ichida hibsxonani yopishga va‘da bergan.

Ammo shu yil martida janob Obama Guantanamodagi mahbuslar ustidan harbiy mahkamalarga ruxsat bergan.

Oq Uy janob Obama hibsxonani yopish qarorida qat‘iy ekanini aytgan.