Misratada britaniyalik va amerikalik jurnalistlar halok bo‘lishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters
Image caption Kris Xondros va Tim Xeterington Misratadagi harbiy amaliyotlar haqida xabar berib borishayotgandi

Jangovor amaliyotlar haqida xabar berib kelayotgan ikki taniqli suratkash Liviyaning Misrata shahrida halok bo‘lganlar.

Britaniyalik Tim Xeterington minomyot hujumidan halok bo‘lgani ishoniladi.

40 yoshli jurnalist Oskar mukofotiga nomzodligi ilgari surilgan "Restrepo" fil'mining muallifidir.

Xeterington o‘lishidan biroz avval internetdagi kundaligida Liviya rahbari Muammar Qaddofiyning kuchlari "palapartish otishmalar" olib borishayotgani haqida yozgandi.

Tim Xeterington uchragan hujumda yana bir jurnalist, 41 yoshli amerikalik suratkash Kris Xondros og‘ir yaralangan va ko‘p o‘tmay kasalxonada jon bergan.

Yana ikki g‘arblik fotomuxbirlar jarohat olishgan.

Guvohlarning ta‘kidlashicha, jurnalistlar Liviya armiyasi tomonidan atayin o‘qqa tutilganlar.

Inson huquqlarini himoya etuvchi Human Rights Watch tashkiloti vakili Piter Bukayert Xeterington o‘limiga munosabat bildira turib "Darhaqiqat, harbiy fotojurnalistikaning dahosi nobud bo‘ldi", deb aytgan.

Tim Xeteringtonning oila a‘zolari chuquq qayg‘uga botganlari, ammo jahon Timni dunyodagi voqealar borasida haqiqatni odamlarga yetkazib bergan beqiyos suratkash va jasur jurnalist sifatida yodda tutishiga ishonchlari komil ekanini aytishgan.

"Tim Liviyada harbiy mojarolar davrida yuzaga keladigan insonparvarlik qiyinchiliklari haqidagi ko‘p formatli loyiha ustida ishlayotgandi", - deb aytgan uning oila a‘zosi Vanity Fair jurnaliga.

Tim Xeterington Afg‘onistondagi urush haqida olingan "Restrepo" hujjatli fil'mining rejisserlaridan biri bo‘lib tanilgandi.

Bu fil'mi uchun Oskar mukofotiga nomzod deb topilgan Tim Xeterington o‘tmishda to‘rt marta yilning eng yaxshi xalqaro fotografi mukofotiga sazovor bo‘lgandi.

Ayni damda BMTning favqulodda yordam muvofiqlashtiruvchisi Valeri Amos Misratadagi vaziyatga diqqatni qaratgan. Uning aytishicha, qamal ostidagi shaharga insonparvarlik yordamini yetkazib berish uchun otishmalar to‘xtatilishi kerak.

Agar Qaddofiy qo‘shinlari bunga ko‘nmasa, Amosning aytishicha, BMT harbiy dastak so‘rab Ovro‘po Ittifoqiga murojaat etadi.

Britaniyalik fotojurnalist Gay Martin va N'yu-Yorklik suratkash Kristofer Braun ularning hamkasblarini o‘ldirgan hujumda olgan jarohatlari tufayli Misrata kasalxonasida qolishmoqda.

Liviyadagi harbiy mojaro fevral oyida beri davom etmoqda. Misratada, tahminlarga ko‘ra, yetti haftalik qamal ichida 300 tinch fuqaro nobud bo‘lgan.