Rossiya migratsiya voizi oq irq haqidagi bayonoti ortidan bo‘shatildi

Image caption Rossiyaga muhojirlar oqimi, xususan markaziy osiyolik mardikorlar kelishi davom etar ekan, radikal irqchi guruhlar ham faollashgan

BBC bilan suhbatida oq irq tahdid ostida ekanini aytgan Rossiya Federal Migratsiya Xizmatining matbuot kotibi Konstantin Poltoranin lavozimidan chetlatilgan.

Mojaro Kremlning noroziligiga sabab bo‘lgan: Rossiya xabar agentliklari prezident ma‘muriyatining iqtibos keltirib yozishlaricha, "bu Federal Migratsiya Xizmatini tomonidan qilingan mantiqiy va zarur qadam bo‘lgan".

"Axir oq irqning omon qolishi masalasi ko‘ndalang turibdi, va Rossiyada bu masala ayniqsa chuqurroq seziladi", - deb aytgan Poltoranin chorshanba kuni efirga uzatilgan televizion intervьyusida.

bu yerga bosing Konstantin Poltoraninning BBC rus xizmatiga bergan videointervьyusi

Shu kunning o‘ziyoq Federal Migratsiya Xizmati 2005 yildan beri matbuot kotibi lavozimida bo‘lgan Konstantin Poltoranin ishdan chetlatilganini e‘lon qildi.

Poltoraninning o‘zi "Exo Moskvы" radiostantsiyasi bilan suhbatda o‘zining bo‘shatilishi haqidagi qaror aynan BBCga bergan videointervьyusi tufayli qabul qilinganini tasdiqladi.

U, shuningdek, o‘z bayonotlari irqchi mazmunga ega emasligini aytdi.

Keyinroq, FMX raisi Konstantin Romodanovskiy Poltoraninning chetlatilishi millatlararo aloqalar borasida qilgan bayonotlari tufayli yuz berganini bildirdi.

"Rossiya Federatsiyasining har qanday davlat xizmatchisi, uning ustiga Federal Migratsiya Xizmatidagi rahbarning bu kabi sharxlar bilan chiqishi nomaqbul", - deb aytgan Romodanovskiy Interfaks xabar agentligiga.

"Qon aralashuvi"

Image caption Ba‘zi bloggerlar davlat rasmiysining oq irq haqidagi bayonotini fashistlar nutqiga qiyoslashgan

BBC bilan suhbatida Poltoranin G‘arbiy Ovro‘po davlatlaridagi muhojirlik qonunlarini tushunmasligini aytgan. Uning aytishicha, u yerda Afrika va Yaqin Sharqdan muhojirlar kelishi rag‘batlantiriladi.

Uning fikrida, Rossiyada vaziyat boshqacha bo‘lishi kerak. "Shunday vaziyat yaratish kerakki, qonlar aralashuvi to‘g‘ri rejimda olib borilishi kerak", - deb aytgan sobiq matbuot voizi.

BBC Perm' viloyatidagi muhojirlar markazidagi holat tufayli FMXga murojaat qilgandi.

Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ragan odamlar o‘ta abgor sharoitlarda yashashadi va migratsiya xodimlarining qo‘pol va beparvo munosabatiga yuz tutishadi.

Intervьyu chog‘ida Poltoranin BBCga o‘z idorasining mavqeini batafsil izohlab bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, boshpana so‘raganlarning aksari Rossiya Ovro‘poga o‘tish yo‘lidagi atigi bir tranzit nuqtasi deb ko‘rishadi va Rossiya jamiyatiga qo‘shilish niyatida emaslar.

Uning oq irq borasidagi so‘zlari BBC muhbirining oxirgi savoliga bergan javobida yangragan. Muxbir suhbatdoshi o‘zi istagan yana nimalarni qo‘shimcha qilish niyati borligi haqida so‘raganda, Poltoranin o‘zining mubohasali fikrini bayon qilgan.

Tahlilchilar bu kabi bayonot irqchilik nafaqat oddiy rossiyaliklar orasida, balki politsiya va hukumat idoralari xodimlari ichida keng tarqalganidan darak berishi haqida yozishmoqda.

Ayni damda, ijtimoiy muloqot saytlarida fikr bildirayotgan ko‘p rossiyaliklar Poltoranin aksar rossiyaliklarning qarashini ochiqcha bayon qildi deyishmoqda.