Britan shahzodasining to‘yi "asr to‘yi" deya baholanmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Buyuk Britaniya va jahon bo‘ylab britan qirolligi ishqibozlari uzoq kutgan tadbir - Shahzoda Vilyam va Keyt Middltonlarning to‘yi Londonda bo‘lib o‘tdi.

Ikki hafta davom etgan issiq havo ortidan bugun yomg‘ir yog‘ilishi bashorat qilingan esada, minglab odamlar Bukingem saroyi va Vestminster Abbey qarshisiga, hamda to‘yni uzluksiz namoyish qilgan bahaybat ekranlar o‘rnatilgan Gayd park, Grin park va boshqa istirohat bog‘lariga yig‘ildilar.

Ammo, bu to‘y nafaqat britanlar uchun, balki butun dunyodan kelgan minglab sayyohlar uchun ajoyib tomosha bo‘ldi.

Aytilishicha, to‘y tufayli Londonga odatdagidan 600 ming ko‘proq horijlik safar qilgan.

"Faqat inglizlar bunday dabdabani eplay olishadi, shuning uchun biz oilamiz bilan ataylab keldik", - deydi Bukingem saroyi panjarasiga farzandlari va ayoli bilan suyanib olgan rossiyalik Vasiliy.

"Men uchun bu o‘ta romantik marosim, huddi ertakdek, uning ustiga Vilyamni juda ham yaxshi ko‘raman", - deydi braziliyalik ayol Suzett.

Britaniyaliklarni odatda vatanparvarona deya tasvirlab bo‘lmaydi. O‘z ustidan kulishga usta bo‘lgan bu xalq har qanday patriotik bayonotga mensimay qaraydi.

Lekin, bugun odamlar qo‘lida hilpiragan minglab "Yunion Jak" britan bayroqlari buning teskarisini isbotlagandek edi.

"Odatda britan bayroqlarini faqat g‘amgin, motamsaro tadbirlarda ko‘ramiz. Masalan Afg‘oniston yo Iroqda halok bo‘lgan askarlar jasadlari vatanga qaytarilganida televizion yangiliklar orqali ularning tobutlari britan bayrog‘iga o‘ralganini ko‘rganman. Lekin, qarang, bugun biz baxtli bir voqea uchun bayroqlarni ko‘tarib oldik", - deydi ikkita qizchasini malikalardek kiyintirib olgan londonlik ayol.

Uelslik ikki qiz Amanda va Kristilar esa shior ko‘tarib olishgan. Unda "Harri, men sening qallig‘ing bo‘lishni hali ham kutayapman!" deb yozilgan.

"Biz kecha tunni ham shu yerda o‘tkazdik, deyarli uhlamadik, o‘ta hayajondamiz", - deyishadi ular qiqirlab.

Marosim

Marosim huddi harbiylar tomondan tashkillashtirgandek, rejaga binoan o‘tdi. Uning har bir daqiqasi puxta rejalangandi.

Masalan, kelinchak, to‘y dasturida yozilgandek, Goring mehmonxonasidan naq 10:51da Vestminster Abbeyga yo‘l oldi.

Soat roppa-rosa 11da esa nikoh marosimi boshlandi.

Och sariq libos va shlyapa kiygan Qirolicha Yelizaveta II ko‘tarinki ruhda edi. 85 yoshli qirolicha o‘zining yangi kelinchagini allaqachon hush qarshi olgani aytiladi.

Buning bir isboti - bugun Qirolicha Keyt Middltonga Kembridj Gertsoginyasi unvonini taqdim etdi.

Keyt Middlton maxsus avtomobilda mehmonxonasidan Vestminster Abbeyga yo‘l olar ekan, yo‘lning ikki chekkasida yig‘ilgan odamlarga to‘xtamay qo‘lini silkitib, jilmayardi.

Vestminster Abbey qarshisida avtomobildan tushar ekan, u yana ortiga o‘girilib, yig‘ilgan olomonni bir boshdan ko‘zdan kechirdi va yana qo‘lini silkitdi.

U bu bilan huddi "men sizning qizingizman, sizning orangizdan, xalq orasidan chiqqan oddiy qizman" deya ishora berayotgandek edi.

Cherkov ichida otasi bilan mehrob sari yurar ekan, mehrobda turgan Shahzoda Vilyamning kuyovjo‘rasi Shahzoda Harri ortiga o‘girilib Keytga bir nigoh soldi va keyin akasiga yuzlanib "u o‘ta go‘zal" dedi.

To‘y ortidan esa juftlik ochiq faytunda, yarqiragan qop-qora otlarda dubulg‘a va sovutlarni kiyib olgan yuzlab qo‘riqchi askarlar hamrohligida Bukingem Saroyiga safar qildilar.

So‘ngra kelin va kuyov an‘naviy tarzda, Qirolicha va o‘z ota-onalari, hamda boshqa oila a‘zolari bilan Bukingem Saroyi ayvoniga chiqishdi. Bu yerda, yana an‘anaviy tarzda, Vilyam Keytning labidan bo‘sa oldi.

Biroq, bo‘sa o‘ta qisqa bo‘lganidan olomon qoniqmadi shekilli, "Yana o‘p, yana o‘p uni!" deya hayqira boshlashdi. Ikkinchi bo‘sa sal uzoqroq va hayajonliroq bo‘ldi.

Diananing ruhi

To‘yda Vilyamning onasi marhum Malika Diananing ruhi sezilardi. Qaysi muxbirning intervьyulariga quloq tutmay, Diana va Keytning qiyoslanayotganini eshitdim.

Hatto bir kishi Diana haqida yozilgan kitoblar bilan savdo qilayotgandi.

O‘ttiz yil avval bo‘lib o‘tgan Shahzoda Charlz va Malika Diananing to‘yi o‘z dabdabasi va hashamati bilan ko‘plarning yodida qolgan.

Buning ortidan huddi Gollivud yulduzidek mashhur siymoga aylangan Diana britan qirolligiga bo‘lgan e‘tiborni bir necha bor orttirdi.

Ammo, bu qiyoslash shu to‘y bilan yakun topsin, deb umid qilayotganlar oz bo‘lmasa kerak. Chunki Diananing turmushi ajrashuv bilan, hayoti esa fojea bilan yakun topgandi.

Shahzoda Vilyam va Keyt Middlton esa o‘zgacha juftlik. Saroy dabdabalari va zodagonlar mehmondorchiliklaridan yiroqda tanishgan ikkovlon o‘tgan bir necha yil davomida bir-birini sinadi va muhabbati baquvvat ekanini isbot qildi.