Suriya bo‘ylab minglab odamlar ishtirokida norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda

Фото муаллифлик ҳуқуқи Reuters

Suriya bo‘ylab katta sondagi xavfsizlik kuchlari joylashtirilganiga qaramay, minglab odamlar ishtirokida aksidhukumat namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda.

Damashqda namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz qo‘llanilgan.

Kelayotgan xabarlarga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari janubiy Deraa shahridagi norozilik namoyishchilariga qarata o‘q uzgan. Xabarlardan birida 7 kishi nobud bo‘lgani va ko‘plab insonlar tan jarohati olgani aytiladi.

Suriya davlat axborot agentliga ko‘ra, qurolli terrorchi guruh harbiy nazorat nuqtasiga hujum qilishi natijasida 4 askar o‘ldirilgan, yana ikki nafari qo‘lga olingan.

'G‘azab kuni'

Avvalroq, Suriyada norozilik chiqishlari xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilishi ortidan yuzlab insonlar nobud bo‘lganiga qaramay, faollar yana ommaviy namoyishlarga chaqirishmoqda.

"G‘azab kuni" deb nomlangan norozilik chiqishlariga chaqirayotganlar orasida Suriyadagi Islomiy Musulmon birodarlari harakati ham borligi xabar qilinadi.

Juma namozidan so‘ng kutilayotgan namoyishlarda Deraa shahriga birdamlik izhor qilinadi. Ushbu shahar tartibsizliklar markazi ekani va o‘sha yerda eng ko‘p qon to‘kilgani xabar qilingandi.

Suriya hukumatining norozilik chiqishlariga javobi yuzasidan xalqaro tanqidlar kuchaymoqda.

Ovro‘po Ittifoqi rasmiylari juma kuni Bryusselda to‘planib, Prezident Bashar al-Asad tuzumiga qarshi jazo choralari masalasini mubohasa etishi rejalangan.

Jenevada esa, BMT Inson Huquqlari Kengashi Suriyaga bag‘ishlab favqulodda yig‘in chaqirgan.

Ushbu yig‘in tashabbuskori - Amerika Qo‘shma Shtatlari Suriyadagi namoyishchilarga qarshi qo‘llanilgan zo‘ravonlikni qoralab, u yerdagi inson huquqlari toptalishi hollaari tekshirilishi lozimligini aytgan.

Hozir BMT Xavfsizlik Kengashiga xuddi ana shu amallarin ko‘zda tutuvchi maxsus qaror loyihasi taqdim etilgan. BMTdagi AQSh elchisiga ko‘ra, ular Suriya hukumatiga jiddiy ogohlantirish yo‘llash niyatidalar.

"Biz o‘z xalqiga o‘t ochish, ularga qarshi tanklarni yo‘llash jazosiz qolib ketmasligini Suriya hukumatiga bildirib qo‘ymoqchimiz. Dunyo kuzatib turganini, tinch namoyishchilarga qarshi zo‘ravon harakatlar qoralanashini urg‘ulashni istaymiz", deb aytgan AQSh vakili.

Suriyadagi inson huquqlari faollariga ko‘ra, Prezident Asad hukumatiga qarshi 6 haftadan beri davom etayotgan noroziliklarda kamida 500 inson nobud bo‘lgan.

Deraa shahridagi vaziyat

Bi-bi-sining Bayrutdagi muxbiriga ko‘ra, Deraa shahridagi vaziyat borgan sari tanglashmoqda. Shaharda 120 ming odam qamalib qolgan.

Dushanba kunidan beri Deraada minglab hukumat qo‘shinlari va o‘nlab tanklar joylashtirilgan. Shaharda toza ichimlik suvi, elektr va telefon tarmoqlari uzib qo‘yilgani xabar qilinadi. Dori-darmonlar yo‘qligi hamda tibbiy yordam markazlariga murojaat qilish ham imkonsizligi aytiladi.

Xabarlarga ko‘ra, mamlakatning boshqa qismlarida ham namoyishlar va otishmalar kechgan. Muxbirimizga ko‘ra, ayrim suriyaliklar hatto Livanga qochib o‘tishyapti.

Qudratdagi Baas partiyasi 200dan ortiq a‘zosi namoyishlarning qonli bostirilishiga norozilik sifatida partiya safidan chiqqanlari haqida bayonot e‘lon qilganlar. Ularning aksari Deraa shahridan ekanlari aytiladi.