Suriyadagi aksilhukumat harakatlari tarixiga nazar

Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service
Image caption Suriyadagi joriy muxolif harakatlari davri 2000 yillar boshlaridan "Damashq bahori" nomini olgan.

Suriyada oxirgi bir necha yil mobaynida aksilhukumat harakatlari ko‘zga tashlanmagan bo‘lsada, muxolifat va uni bostirish urinishlari anchayin uzun tarixga ega.

41 yil avval joriy prezidenti Bashar Al-Asadning otasi Hofiz Al-Asad qudratga kelgandi.

O‘shandan beri mamlakatda qator ommaviy noroziliklar ro‘y berdi.

Noroziliklar qattiqqo‘llik bilan bostirildi, shu bilan birga ba‘zi o‘zgarishlar va‘dalari ham berildi.

Shundan beri muxolif fikr asosan ziyolilar orasida va oxirgi yillarda Internet sahifalarida izhor etib kelinardi.

Lekin Suriya siyosiy sahnasi 40-60 yillar orasida hodisalarga o‘ta boy bo‘lgan.

Birgina 1949 yilning o‘zida uch marotaba harbiy to‘ntarish ro‘y berdi. 1954 yili yana bir harbiy to‘ntarish.

1963 va 1966 yillari "Baas" partiyasi rahbarligida davlat to‘ntarishlari yuz berdi.

Joriy hukumatga qarshi oxirgi norozilik chiqishlari 1970 yillarda ro‘y berdi.

Bu harakatlar yillar mobaynida davom etib, 1982 yili avjiga chiqdi.

1982 yili Hama shahrida xalq noroziligi ro‘y bergan vaqti, hukumat tomonidan ayovsizlarcha bostirilib, mingga yaqin inson nobud bo‘ldi.

Shundan keyin liberal va chap qanot harakatlarga tazyiqlar boshlandi.

Suriya bo‘ylab keng miqyosli noroziliklar qayta boshlanishiga turtki bo‘lgan omillar

2000 yili prezident Hofiz al-Asadning o‘limidan so‘ng muxolif qarashlar yana jonlanib, mamlakatda "Damashq bahori", deya nom olgan davr boshlandi.

Bu davr norozilik chiqishlaridan ko‘ra, ziyolilar orasida qizigan bahslarga to‘la edi.

Bu bahslar siyosiy faollikning qayta tug‘ilishiga turtki berdi.

Faollar siyosiy islohotlarga da‘vat qila boshladilar. Ulardan biri Jamal al-Atassi forumining asoschisi Suhayr al-Atassi edi. Forumni rasmiylar 2005 yili yopib qo‘yishdi. Lekin Suhayr forumni yaqinda Internetdagi bahs guruhi shaklida qayta ochdi.

Misr va Liviyadagi hodisalardan ilhomlanib, Atassi xonim va uning izdoshlari kichik miqyosdagi norozilik chiqishlarini uyushtirishga harakat qildilar.

Ularning chiqishlari politsiya tomonidan bostirildi va Suhayr al-Atassi 16 mart kuni hibsga olindi.

Uning hibsga olinishidan bir necha kun o‘tib Daradagi hodisalar keng noroziliklarga turtki berdi.

Suriya hukumati noroziliklarni bostira oladimi?

Tahlilchilarga ko‘ra, oxirgi kunlarda hukumat namoyishlarni bostirish harakatlarini anchayin kuchaytirdi. Ba‘zilarga ko‘ra, mamlakat fuqaro urushi arafasida turibdi.

Hukumat muxolifatni sindirish uchun xavfsizlik va qurolli kuchlarni to‘liq ishga solmoqda.

Tunis va Misrdan farqli o‘laroq Bashar al-Asad va qurolli kuchlar o‘rtasida hech qanday kelishmovchilik yo‘q. Ayniqsa Prezident qo‘riqchilari gavrdiyasiga unga juda sodiq.

Xavfsizlik kuchlarning aksar a‘zolari al-Assadlarning alaviylar mazhabidandirlar. Ular nafaqat rahbariyatni qutqarib qolish uchun balki o‘z mazhablarining va jamoalarini qutqarib qolish uchun ham tish-tirnoqlari bilan kurashishlari kutiladi.

Lekin prezident al-Assad joriy inqirozdan omon qolgan taqdirda ham o‘ta zaiflashgan va "siyosiy jarohatlar" bilan chiqishi taxmin qilinmoqda.