Barak Obama: 'Al-Qoida' rahbari Usama bin Lodin o‘ldirildi

Bin Lodin Фото муаллифлик ҳуқуқи BBC World Service

AQSh Prezidenti Barak Obamaga ko‘ra, Pokistonda "Al-Qoida" rahbari Usama bin Lodin Qo‘shma Shtatlar kuchlari tarafidan halok etilgan.

"Al-Qoida" rahbari Islomobod tashqarisida Amerika josuslik ma‘lumotlari asosida Pokiston maxfiy xizmatlari bilan birga olib borilgan qo‘shma amaliyot chog‘i o‘ldirilgan.

Obama janoblariga ko‘ra, "qurolli jangdan" so‘ng AQSh kuchlari uning jasadini qo‘lga kiritganlar.

Usama Bin Lodin qator vahshiyliklar, jumladan, 2001 yil 11 sentyabrda Nьyu York va Vashingtonga qarshi uyushtirilgan hujumlar ortida turganlikda ayblanadi.

U Qo‘shma Shtatlar "qora ro‘yxati" boshidagi shaxs edi.

Janob Obama so‘nggi yangilikni Amerikaning "Al-Qoida"ga mag‘lub etishga qaratilgan sa‘y-harakatlaridagi "eng muhim yutuq" sifatida ta‘riflagan.

AQSh butun dunyodagi elchixonalarini hushyor holatga keltirgan. Ular Bin Lodinning o‘ldirilishi ortidan qasos hujumlariga tutilishlari ehtimolidan ogohlantirilgan.

Yangilik Amerika bo‘ylab olqishlar bilan kutib olingan, Oq Uy tashqarisida olamon to‘planib, "AQSh, AQSh" degan shiorlarni aytib qichqirishgan.

Hujum tafsilotlari

Bin Lodin qariyb 3 ming insonning umriga zomin bo‘lgan 11 sentyabr hujumlarini ma‘qullagan va keyinroq natija o‘zi kutganidan ortiqcha bo‘lganini aytgan.

U boshi uchun 25 million mukofat e‘lon qilinganiga qaramay, qariyb 10 yil davomida Qo‘shma Shtatlar kuchlariga chap berib kelayotgandi.

Barak Obamaga ko‘ra, o‘tgan yilning avgustida unga Bin Lodin qayerda yashiringaniga oid ilk ma‘lumot qo‘lga kiritilgani ma‘lum qilingan.

Ammo, uning aytishicha, o‘sha payt ma‘lumotlar o‘ta ishonchli bo‘lmagan va kalavani uchini topish uchun oylar ketgan.

"Bin Lodin Pokiston juda ichkarisida joylashgan qarorgohda yashiringani borasida ko‘proq ma‘lumotlarni yig‘ish uchun men milliy xavfsizlik xizmati guruhim bilan qayta-qayta uchrashdim".

"Va nihoyat, o‘tgan hafta men amaliyo qadamni qo‘yish uchun yetarlicha josuslik ma‘lumotlariga egamiz degan qarorga keldim va Usama Bin Lodinni ushlash va jazoga tortish amaliyotiga ruxsat berdim", deb aytgan Amerika Prezidenti Barak Obama

Yakshanba kuni Qo‘shma Shtatlar kuchlari Islomobod shimoli-sharqidan 100 chaqirim uzoqda joylashgan Abbatobod mintaqasida buyruqni amalga oshirgan.

Prezidentning aytishicha, "qurolli jang"dan so‘ng Bin Lodin o‘ldirilgan va uning jasadi Qo‘shma Shtatlar kuchlari tarafidan olib ketilgan.

Unga ko‘ra, amaliyot chog‘i amerikaliklarga ziyon yetmagan.

Qo‘shimcha ma‘lumotlarni oshkor qilarkan, AQSh yuqori martabali rasmiysi 40 daqiqa davom etgan amaliyotlarga Amerikaning kichik harbiy guruhi jalb etilganini aytgan.

Unga ko‘ra, bir vertolyot texnik nosozlik tufayli halokatga uchragan va Bin Lodinning o‘g‘ili doxil uch kishi halok etilgan.