Falastinda raqib 'Hamas' va 'Fatah' yana qo‘lni qo‘lga berishdi

Фото муаллифлик ҳуқуқи AP

Falastinning ikki yirik "Hamas" va "Fatah" tashkilotlari to‘rt yillik o‘zaro adovatga barham berib, Misr poytaxti Qohirada yarashuv bitimini imzolashdi.

Mahmud Abbos va Xolid Mash‘al 2007 yilgi G‘azo bo‘lgasi ishg‘oli ortidan hech qachon yuzma-yuz uchrashishmagandi.

Bugun imzolangan yarashuv bitimi esa, kelasi yilga rejalangan parlament saylovlari arafasida muvaqqat koalitsion hukumat tuzilishiga yo‘l ochadi.

Ammo har ikki harakatning ham yetakchi a‘zolari hozirchalik yangi hukumat tarkibida bo‘lmasliklari aytilmoqda.

Arab dunyosida kuzatilayotgan so‘nggi hodisalar tomonlarni sulhu madoraga borishga undagan ko‘rinadi.

Misr sobiq Prezidenti Husni Muborak "Hamas"ga anchayin yovqarash munosabatda bo‘lib kelgan. Ammo yangi hukumatning islomiy tashkilotga qarashi birqadar ijobiydek.

Muxbirlarga ko‘ra, so‘nggi yangilik Arab dunyosidagi o‘zgarishlar Falastin-Isroil mojarosining dinamikasiga qanday ta‘sir qilishining ilk nishonasidir.

Jiddiy kelishmovchiliklar

Bugun yarashuv bitimiga imzo chekkan esalar-da, tomonlar orasida kelishmovchiliklar ham birtalay.

Muxbirlarimizning aytishlaricha, Isroil davlatini tan olish va ular bilan muzokaralar olib borish, G‘azo bo‘lgasi va G‘arbiy Sohilning xavfsizligini qanday ta‘minlash masalasi shular jumlasidandir.

Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyaxu esa, masalani dangal qo‘ymoqda - Falastin ma‘muriyati yo Isroil bilan tinchlikka erishish va yo "Hamas" bilan murosaga borishdan birini tanlashi kerak.

G‘arbiy Sohilni nazorat etuvchi "Fatah" harakati boshchiligidagi Falastin ma‘muriyati va G‘azo bo‘lgasini boshqarib kelayotgan "Hamas" to‘rt yildan ortiqroqki bir-birlari bilan yuzko‘rmas bo‘lib kelishayotgandi.