Usama bin Lodinning jasadiga nima bo‘lgan?

Amerikalik harbiylarning ta‘kidlashlaricha, "Al-Qoida" tarmog‘i rahbari Usama bin Lodinning jasadiga hurmat ko‘rsatib, uni dengizda dafn etishgan.

Ayrim musulmonlar esa, jasadni tuproqqa qo‘ymaslik uchun amerikalik mulozimlarda biror bir jiddiy asos bo‘lmagan, degan fikrdalar.

Islom dini qonun-qoidalariga muvofiq, yorib ko‘rishga hojat bo‘lmasa, mayitning jasadini imkon qadar tezlikda dafn etish lozim ko‘riladi.

AQSh harbiylarining so‘zlariga ko‘ra, Islom dini an‘analariga jiddiy yondashib, barcha urf-odatlarga amal qilgan holda, halok etilishidan bir necha soat o‘tib Usama bin Lodinning jasadini dengizga topshirishgan.

Ularning aytishlaricha, barcha rasm-rusumlar "Karl Vinson" harbiy kemasining palubasida ado etilgan:

"Al-Qoida" tarmog‘i rahbarining oq kafanga o‘ralgan jasadi yuk solingan xaltaga joylanib, taxtada Arab dengiziga qo‘yib yuborilgan.

Amerikalik harbiy zobitlardan biri avvaldan tayyorlangan lozim duolardan ayrimlarini o‘qib turgan, arab tilini bilganlardan biri esa, uni ularni tarjima qilib turgan.

Aytilishicha, marosim Usama bin Lodin yashiringan jamloqda kechgan otishmalardan 12 soat o‘tib ado etilgan.

Rasm-rusm qanday bo‘lishi kerak?

Britaniyalik imom Abduljalil Sajidga ko‘ra, Islom diniga muvofiq dafn etilmasidan avval:

Mayit yuvilishi

Kafanga o‘ralishi

Lozim duolar o‘qilishi

va so‘ngra tuproqqa topshirilishi lozim.

Sajid hazratlari marosimlar chog‘ida imomning bo‘lishi shart emasligi, ammo ularning barchasi ana shu tartib-qoidalardan hech bo‘lmasa ozgina xabari bo‘lgan musulmonlar tomonidan ado etilishi shart ekanini urg‘ulaydi.

"Karl Vinson" kemasida dafn marosimi chog‘ida shunday odam bo‘lganmi-yo‘qligi hozircha ma‘lum emas.

Imom hazratlariga ko‘ra, dengiz sayohati chog‘ida ko‘z yumgan taqdirdagina, jasadni dengizga topshirish kabi hollar o‘zini oqlashi mumkin, Usama bin Lodin misolida esa, Islomiy an‘analarga muvofiq, bunga hojat bo‘lmagan.

Nima uchun dengizga?

Iordaniya Universitetining Fiqh ilmi bo‘yicha professori Muhammad Kudah janoblarining aytishicha, jasadni dengizga dafn etish Islomiy qonun-qoidalar bo‘yicha man qilinmagan.

Ammo, professorning aytishicha, bu kabi marosim jasadning yonida musulmoncha rasm-rusmlarni ado etadigan biror bir kishi bo‘lmagan taqdirdagina amalga oshiriladi.

Dubay Oliy muftiysi esa, faqat favqulodda holatlardagina bu ishga qo‘l urish mumkinligini bildirgan.

Amerika tomoni nima deydi?

Amerikalik mulozimlarning ta‘kidlashlaricha, faqat ikkita sabab tufayli bu kabi qarorga kelishgan:

Birinchidan, Usama bin Lodinning qabri ziyoratgohga aylanishiga yo‘l qo‘ya olishmagan.

Ikkinchidan, dafn marosimini uyushtirish uchun boshqa davlatlar bilan muzokaralar olib borishga vaqtlari bo‘lmagan.

CBS News televizion kanali tarqatgan xabarlarga ko‘ra, Saudiya Arabistoni Usama bin Lodinning jasadini qabul qilib olishdan bosh tortgan.

Jasad rostdan ham bin Lodinniki bo‘lganmi?

Xabarlarga ko‘ra, Pokistonning Abbottabad shahrida kechgan maxsus amaliyot ortidanoq marhumning shaxsini aniqlash uchun jasad Afg‘onistonga yuborilgan.

Usama bin Lodin birinchi o‘q tegishi bilan halok bo‘lgan, keyin uning o‘lganiga aniq ishonch hosil qilish uchun uning jasadiga yana bir bor o‘q uzilgan.

Amerikalik mulozimlarning aytishlaricha, Afg‘onistonda mutaxassislar tekshirish uchun jasaddan olgan DNK namunasi bin Lodin yaqinlariniki bilan bir xil bo‘lib chiqqan.

Ayrim xabarlarga ko‘ra, kishining shaxsini yuzidan aniqlab beruvchi maxsus texnologiyalardan ham foydalanilgan.

Shundan so‘ng, uning jasadi "Karl Vinson" kemasida Afg‘onistondan olib ketilgan.